
Yevropa davlatlari yetakchilari Parijda o‘tkazilgan uchrashuvda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni rad etishdi. Uchrashuvda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Yevropa Ittifoqi vakillari ishtirok etdi.
Buyuk Britaniya: «Hozir sanksiyalarni yechish vaqti emas»
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Rossiyaga nisbatan cheklovlarni bekor qilish haqida gapirishga hali erta ekanini ta’kidladi.
«Aksincha, biz AQSH tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish uchun sanksiyalarni qanday kuchaytirish mumkinligini muhokama qildik», — dedi u.
Ukraina sanksiyalarni bekor qilmaslik qaroridan mamnun
Uchrashuvda ishtirok etgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Yevropa davlatlari pozitsiyasidan mamnun ekanini bildirdi. U Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi va «ko‘proq bosim o‘tkazish» tarafdori ekanini ma’lum qildi.
Qora dengiz bo‘yicha muzokaralar va Rossiyaning talabi
Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan AQSH va Ukraina muzokaralari natijasida tomonlar Qora dengiz bo‘yicha sulhga kelishib oldi. Bunga javoban, Rossiya sanksiyalarning yumshatilishi shartligini bildirgan. Rossiya tomoni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportchilaridan sanksiyalarni olib tashlash, shuningdek, «Rosselxozbank»ni SWIFT tizimiga ulashni talab qilmoqda.
Biroq, Yevropa Ittifoqi Rossiya talablarini rad etdi. Yevropa komissiyasi vakili Anitta Hipperning so‘zlariga ko‘ra, «Rosselxozbank»ka nisbatan cheklovlar bekor qilinmaydi.
AQSH Rossiyaga muzokaralar uchun taklif berdi
AQSH davlat kotibi Marko Rubio 26 mart kuni Rossiya dengizda o‘t ochishni to‘xtatishi evaziga sanksiyalarni yumshatish taklif qilinganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bu masalada Rossiya va Yevropa Ittifoqi bilan muzokara olib borish niyatida.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni bekor qilish yoki yumshatish haqida jiddiy o‘ylamayapti. Demak, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy bosim uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar