
So‘nggi oylarda Ramzan Qodirov va Vladimir Putin o‘rtasidagi munosabatlar buzilgan. Bu haqda «Vajniye istorii» nashriga FXXning (FSB) Shimoliy Kavkaz bo‘yicha ixtisoslashgan sobiq xodimi ma’lum qilgan va uning so‘zlarini hozirda ishlab turgan hamkasbi ham tasdiqlagan. Shuningdek, ma’lumotlar qisman Shimoliy Kavkazda faoliyat yurituvchi jurnalist va inson huquqlari faollari tomonidan tasdiqlangan.
Manbalarga ko‘ra, Qodirov bilan Putin o‘rtasidagi kelishmovchilikning asosiy sababi — FXX Qodirov Kreml bilan kelishilmagan holda o‘z aktivlari va oila a’zolarining kelajakdagi xavfsizligi borasida Yaqin Sharqdagi musulmon monarxiyalar vakillari bilan muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lumot bergan.
Qodirov anchadan beri og‘ir xastalikka chalingan. «Novaya gazeta Yevropa» nashri jurnalistlari surishtiruviga ko‘ra, u buyrak va oshqozon osti bezi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duchor bo‘lgan.
Uning nutqidagi qiyinchiliklar xastalik kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Qodirov o‘z salomatligidagi yomonlashuvni media faolligi bilan niqoblashga urinayotgan bo‘lsa-da, oxirgi oylarda u ko‘pincha uzoq vaqt davomida jamoatchilik ko‘zidan yo‘qolib qolmoqda. Yanvar va fevral oylarida Checheniston rahbari kameralar qarshisida ko‘rinish bermagan, keyinroq buni ta’til bilan izohlagandi. «Menga turli xastaliklarni yopishtirishdi», — degan u bu haqida. Shundan keyin Qodirov hech qanday katta bayonotlar bermagan va faqat oldindan tayyorlangan «konserva» videolari tarqalgan.
Checheniston rahbari o‘z hududidagi hokimiyat tarkibini juda yaxshi tushunadi va agar u mabodo sahnadan tushsa, oila a’zolarini nima kutayotganini ham biladi. Federal markazning va’dalari va xavfsizlik kafolatlari qancha turishidan ham yaxshi xabardor.
Qodirovning ko‘p sonli qarindoshlari taqdiri borasidagi ishonchsizlik uni Yaqin Sharqdagi musulmon mamlakatlardan ular uchun kafolat izlashga majbur qilgan. Ushbu mamlakatlar rahbarlari bilan Qodirovda azaldan shaxsiy munosabatlar mavjud. «Vajniye istorii» manbalariga ko‘ra, Qodirov bunday muzokaralarni Kremldan yashirishga uringan, ammo bu haqda FXX darhol xabar topib, Putinga yetkazgan.
Yaqinda, masalan, Qodirov o‘zining to‘ng‘ich farzandi — 26 yoshli qizi Ayshatni davlat lavozimlaridan olib tashladi. 2020 yildan boshlab Ayshat (u Qodirovning barcha farzandlari orasida unga eng yaqini) — Checheniston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, keyinchalik vazir, 2023 yilda esa bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan. Qodirovning Kreml bilan munosabatlari yomonlashishi bilan bir vaqtda Ayshat lavozimdan ketgan va «Vyorstka» nashri yozishicha, Chechenistondagi eng yirik eksportyor — «Chechen mineral suvlari» kompaniyasi egasiga aylangan. Ilgari bu kompaniya Qodirovlar oilasiga tegishli bo‘lgan — avval Axmat Qodirov fondi orqali, keyinchalik esa ikki nominal mulkdor orqali.
Mart oyi oxirida Ayshat Qodirova va Checheniston rahbarining kichik qizi Taborakning ismlari yuridik shaxslar reyestrida yashirib qo‘yilgan.
Kreml bilan kelishmovchilik Qodirovning yaqin safdoshi — Davlat dumasi deputati Adam Delimxanovga ham ta’sir qilgan. «2025 yil boshidan boshlab Adam Delimxanov qanday summa bo‘lmasin, har qanday kuch ishlatish bilan bog‘liq nizolarda ishtirok etishdan qat’iyan bosh tortmoqda. Unga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qiluvchilarga u „eng yuqorida“ Checheniston yetakchilari va kuch tuzilmalari bunga o‘xshash ishlarga aralashmasligi va umuman „ko‘zga ko‘rinmasligi“ to‘g‘risida qattiq ko‘rsatma berilganini aytadi», — deb yozgan «VCHK-OGPU» telegram-kanali. «Vajniye istorii» manbalari ham bu ma’lumotni tasdiqlagan.
Shimoliy Kavkazda faoliyat olib borayotgan mustaqil jurnalistning (anonimlik sharti bilan) aytishicha, Qodirov va Delimxanovning Kreml bilan ziddiyati haqida Kavkazdagi inson huquqlari jamoatchiligi ham xabar topgan.
Chechenistonning «Niyso» harakati vakili Ansar Dishni «Vajniye istorii»ga bergan intervyusida shunday deydi: «Adam Delimxanovga haqiqatan ham uning imkoniyatlari chegarasi ko‘rsatildi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Delimxanov hozircha Moskvadagi Katta Yakimankada joylashgan «Prezident-Otel»da qolmoqda — bu joy Qodirovning poytaxtdagi vakillari uchun shtab sifatida xizmat qiladi. Kreml va FXX Delimxanovning so‘nggi paytlarda davlat rahbariyati bilan kelishilmagan holda reyderlik va tovlamachilikni o‘z ichiga olgan jinoiy sxemalar tashkil qilganidan norozi. Delimxanov jamoasi qanday harakatlarda ayblanayotgani bo‘yicha batafsil ma’lumot berilmagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar