
Hindiston va Pokiston chegarasidagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti vaqtinchalik yopiladi. Bunday qaror Hindiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Janubiy Kashmirda sodir bo‘lgan terakt munosabati bilan qabul qilindi. Times of India nashriga ko‘ra, qaror darhol kuchga kirgan.
Amaldagi hujjatlarga ega bo‘lgan Pokiston fuqarolari 2025 yil 1 maygacha aynan shu chegara orqali Pokistonga qaytishi mumkin. Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar juda keskin bo‘lgani sababli, faoliyat yurituvchi chegara punktlari soni cheklangan. Attari esa ulardan eng asosiysi hisoblanadi.
Hindiston tomonidan quyidagi sanksiyalar joriy qilindi:
— 1960 yilda tuzilgan Ind daryosi suvlaridan foydalanish shartnomasi vaqtincha to‘xtatildi. Pokiston “transchegaraviy terrorizmni qo‘llab-quvvatlashdan to‘liq voz kechguncha” ushbu shartnoma qayta tiklanmaydi. Bugungacha bu bitim siyosiy va harbiy tarangliklarga qaramay amal qilib kelayotgan edi.
— Pokiston fuqarolari uchun SAARC doirasidagi vizasiz kirish tartibi bekor qilindi va oldin berilgan barcha SPES vizalari o‘z kuchini yo‘qotdi. Ayni vaqtda Hindistonda SPES vizasi bilan bo‘lgan Pokiston fuqarolari mamlakatni 48 soat ichida tark etishlari kerak.
— Nyu-Dehlidagi Pokiston Oliy komissiyasining mudofaa, armiya, dengiz va aviatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari “persona non grata” deb e’lon qilindi. Ularga Hindistonni tark etish uchun bir hafta muddat berildi.
— Hindiston o‘zining Islomoboddagi Oliy komissiyasidan mudofaa, harbiy-dengiz va aviatsiya bo‘yicha maslahatchilarini chaqirib oladi va bu lavozimlar tugatiladi.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri bu qarorlar 20 dan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lgan va 10 dan ko‘proq odam jarohatlangan Kashmirdagi terakt sababli qabul qilinganini tasdiqladi.
Kashmirdagi fojia tafsilotlari
22 aprel kuni Hindistonning shimolidagi Jammu va Kashmir hududida juda og‘ir terakt sodir etildi. Paxalgam shahri yaqinidagi Boysaron vodiysida sayyohlar so‘qmoq bo‘ylab ketish paytida noma’lum qurollangan shaxslar ularga qarshi o‘q uzgan. Hujum natijasida kamida 27 kishi, shu jumladan, ikki xorijlik sayyoh ham halok bo‘lgan.
Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shoh hujumga aloqador shaxslar albatta jazolanishini ta’kidladi. Terakt uchun javobgarlikni "Kashmir Resistance" guruhi o‘z bo‘yniga olgan. Hindiston esa hujumda Pokistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mudhish voqea munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya bildirib, chuqur hamdardlik yo‘lladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar