
Foto: AFP/Getty Images
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning eng boy qatlamiga qo‘llaniladigan soliq stavkasini oshirish g‘oyasini keskin tanqid qilib chiqdi. Uning aytishicha, agar bu qaror qabul qilinsa, badavlat amerikaliklar mamlakatni tark eta boshlaydi va bu iqtisod uchun katta zarar bo‘ladi.
«Menimcha, bunday qaror iqtisodiy jihatdan juda xavfli. Agar soliqlar oshsa, millionerlar mamlakatni tashlab ketishni boshlaydi. Bunday tajribani boshidan o‘tkazgan boshqa davlatlar ko‘plab fuqarolaridan mahrum bo‘ldi. Ular asosan mamlakatga katta soliqlarni to‘lab kelgan odamlardir», – dedi Tramp o‘z bayonotida.
Aytish kerakki, oxirgi haftalarda AQSHda Respublikachilar partiyasida aynan boylarga qo‘llaniladigan soliq stavkasini oshirish haqida bahs-munozaralar faollashgan. Xususan, yillik daromadi 1 million dollardan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun hozirgi 37 foizlik soliq miqdorini 40 foizgacha ko‘tarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
OAV xabarlariga ko‘ra, bunday taklif odatda soliq oshishiga qarshi chiquvchi respublikachilar uchun g‘ayrioddiy hisoblanadi. Ammo bu g‘oya budjetga qo‘shimcha daromad topish zarurati hamda partiya saylovchilarining asosiy qismini tashkil qiluvchi ishchi sinf tomon siljishi bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, boy qatlam uchun soliq stavkasini 40 foizga oshirish yaqin kelajakda mamlakat budjetini qo‘shimcha 400 milliard dollar daromad bilan ta’minlashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2 aprel kuni Donald Tramp dunyoning 180 davlatiga nisbatan yangi savdo bojlarini joriy etgan edi va ushbu qaror 9 apreldan kuchga kirgandi. Bu qaror natijasida dunyoning eng boy 10 nafar insonlari o‘z kapitalidan 170 milliard dollardan ortiq mablag‘ni yo‘qotgan. Bu yo‘qotishlar qatorida Trampning o‘zi ham bor – uning shaxsiy boyligi 500 million dollarga kamaydi. Lekin eng katta zararni prezidentning asosiy maslahatchisi va homiysi, milliarder Ilon Mask ko‘rdi.
Hozircha soliqlarni oshirish masalasi AQSH siyosiy doiralarida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Tramp esa bu g‘oyaning iqtisodiy oqibatlari jiddiy bo‘lishidan ogohlantirishda davom etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar