date
views 61

AQSH Kongressining sobiq deputati firibgarlikda ayblanib qamoqqa hukm qilindi!

AQSH Kongressining sobiq deputati firibgarlikda ayblanib qamoqqa hukm qilindi!
AQSHda yana bir shov-shuvli siyosiy janjal o‘z yakuniga yetdi. Nyu-York federal sudi AQSH Kongressi Vakillar palatasining sobiq a’zosi, Respublika partiyasi vakili Jorj Santosni firibgarlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda.

Sudning yakuniy hukmiga ko‘ra, Kongressda bir yilga ham to‘lmay faoliyat yuritgan va ko‘plab yolg‘on, soxtalashtirishlar bilan mashhur bo‘lgan Santos yetti yilu uch oy qamoq jazosini o‘tashi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Jorj Santos 2022 yil kuzida Respublikachilar partiyasi nomidan Vakillar palatasiga saylangan edi. Ammo o‘sha yilning dekabridayoq The New York Times gazetasi uning Kongressga saylanish uchun o‘z shaxsiy tarjimayi holidagi ko‘plab ma’lumotlarni soxtalashtirgani haqida keng qamrovli tekshiruv e’lon qildi. O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, Santos saylovoldi kampaniyasi uchun xayriya yo‘li bilan yig‘ilgan mablag‘larni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari, jumladan, qimmatbaho kiyim-kechaklar sotib olish va shaxsiy qarzlarini yopish uchun sarflagan.

Shuningdek, uning yana bir qalloblik amaliyoti ochib tashlandi. U bir vaqtning o‘zida ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tib, davlatdan nafaqa mablag‘larini olgan. Ammo aslida bir investitsiya kompaniyasida ishlab, muntazam ravishda katta miqdorda maosh olib kelgani aniqlangan.

Natijada, AQSH prokuraturasi Jorj Santosga nisbatan firibgarlik, moliyaviy qalloblik, davlat budjetidan mablag‘ o‘g‘irlash va AQSH Kongressiga yolg‘on ma’lumot taqdim etish kabi og‘ir jinoiy ayblovlar qo‘ydi. 2023 yil may oyida sobiq deputat qo‘lga olingan bo‘lib, shu yilning dekabrida Vakillar palatasidan rasman chetlatilgan edi.

Qayd etish joizki, Jorj Santos AQSH tarixida Vakillar palatasidan chetlatilgan oltinchi deputat sifatida qayd etildi. Uning deputatlikdan chetlatilishiga oid ovoz berish jarayoni esa 2023 yil dekabrida o‘tkazildi va bu so‘nggi 20 yil ichidagi birinchi bunday holat bo‘ldi.

2024 yil avgust oyida esa Santos prokuratura bilan kelishuvga borib, o‘z aybining bir qismini tan olgan hamda 370 ming dollar miqdorida jarima to‘lashni o‘z zimmasiga olgandi.

Hozirgi paytda AQSH jamoatchiligi orasida bu voqea keng muhokama qilinmoqda. Siyosiy doiralar esa kelajakda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qat’iy choralar ko‘rilishi lozimligini ta’kidlashmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Kongressining sobiq deputati firibgarlikda ayblanib qamoqqa hukm qilindi!