date
views 58

O‘zbekiston merganlari Turkiyada oltin medal bilan taqdirlandi

O‘zbekiston merganlari Turkiyada oltin medal bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari Turkiyada bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or merganlar jamoasi” V xalqaro musobaqasida barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni egalladi va oltin medal bilan taqdirlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa geografiyasi keng, raqobat keskin

5–16 may kunlari Turkiyaning Isparta shahridagi “Komando” tog‘-o‘quv markazida o‘tgan ushbu nufuzli musobaqada 15 ta davlatdan tashrif buyurgan 48 jamoa ishtirok etdi. Ular orasida Turkiya, Pokiston, Qatar, Ozarbayjon, Italiya, BAA, Kuvayt va boshqa davlatlar bor edi.

Qatnashchilar 15 ga yaqin murakkab va yuqori dinamikaga ega bo‘lgan sharoitlarda o‘zaro bellashishdi. Shartlar nafaqat jismoniy tayyorgarlikni, balki aniqlik, ruhiy barqarorlik va jamoaviy hamjihatlikni ham talab qilardi.

Haqiqiy jangovar ssenariylar asosida bahslar

Musobaqa doirasidagi shartlar quyidagilarni qamrab oldi:
  • yuqori burchak ostida o‘q uzish;
  • gazniqobda o‘q otish;
  • noaniq masofalarga yopiq pozitsiyadan o‘q otish;
  • turli to‘siqlar ortidan o‘q uzish;
  • vertolyotdan va qayiqdan o‘q otish;
  • tunda va “syurpriz” sharoitida o‘q uzish.

Shuningdek, 5 km masofani yuk va qurol bilan bosib o‘tib, sovuq quroldan aniq o‘q uzish singari o‘ta talabchan texnik mashqlar ham o‘tkazildi.

O‘zbekiston jamoasi tajriba va mahoratini namoyon etdi

O‘zbekiston bu musobaqada 4-marotaba ishtirok etishi bo‘ldi. Oldingi yillardagi tajriba ham o‘z samarasini berdi — 2022 va 2023 yillardagi kumush medaldan so‘ng, 2024 va 2025 yillarda ketma-ket ikki marta oltin medal qo‘lga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil mart oyida ham O‘zbekiston harbiylari AQSHda o‘tkazilgan “Eng ilg‘or jangchi–2025” musobaqasida ham rekord natija bilan g‘olib bo‘lishgan edi.

Zamin.uz tahririyatidan:
O‘zbekiston armiyasining xalqaro miqyosdagi bu kabi muvaffaqiyatlari nafaqat harbiy tayyorgarlik darajasining yuksakligini, balki Vatanni munosib himoya qilish salohiyatini ko‘rsatib turibdi. Merganlarimizga yanada ulkan zafarlar tilaymiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekiston merganlari Turkiyada oltin medal bilan taqdirlandi