date
views 107

Xitoyda yangi xavfli virus aniqlandi: pandemiya xavfi yaqinmi?

Xitoyda yangi xavfli virus aniqlandi: pandemiya xavfi yaqinmi?
Olimlar Xitoyda insonga o‘tishga yaqin turgan yangi koronavirus variantini aniqlashdi. Uning xususiyatlari va ehtimoliy oqibatlari COVID-19dan ham jiddiyroq bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirmoqda mutaxassislar.

The Independent nashrining yozishicha, amerikalik olimlar Xitoyda ilk bor qayd etilgan HKU5-CoV-2 nomli yangi koronavirus varianti ustida olib borilgan tadqiqotlar natijasini e’lon qildi. U Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS-CoV) virusi qatoriga kiradi va o‘lim holatlari 34 foizgacha yetishi mumkin bo‘lgan xavfli patogenlar oilasiga mansub.

Vashington shtati universiteti olimlari rahbarligidagi guruh o‘tkazgan tadqiqotda aniqlanishicha, HKU5-CoV-2 nafaqat hayvonlarga, balki turlar orasida tarqalish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi mumkin. Boshqacha aytganda, u inson organizmiga o‘tish uchun zarur bo‘lgan bosqichda turibdi.

Professor Maykl Letko boshchiligidagi ilmiy guruh virusning spayk oqsilida (yopishish tikanchasi) qayd etilgan kichik mutatsiya tufayli u insonning og‘iz, tomoq va burun qismlarida joylashgan ACE2 hujayra retseptorlariga bog‘lana olish qobiliyatiga yaqinlashganini aniqladi.

“HKU5 virusi ancha vaqt davomida yetarli darajada o‘rganilmagan edi. Ammo olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, u inson organizmiga kirish uchun bor-yo‘g‘i birgina mutatsiyaga muhtoj”, — deydi professor Letko.

Hozircha virus faqat ko‘rshapalaklarning hujayralarini zararlay oladi. Biroq u “muvaffaqiyatli mutatsiya”ga uchrasa, nafaqat insonning nafas olish yo‘llari, balki ichki organlari, jumladan, ichaklarda ham ko‘payish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu esa yangi pandemiya xavfini yuzaga keltiradi.

Tadqiqot davomida olimlar genetik modifikatsiya qilingan psevdoviruslardan foydalanishdi. Ularda HKU5ning spayk oqsili bor edi va ular ACE2 retseptorlariga ega bo‘lgan inson va hayvon hujayralariga yuborildi. Ma’lum mutatsiyalar joriy etilgandan so‘ng, virus inson hujayralariga kirishni boshlagan.

Qizig‘i shundaki, ilgariroq xitoylik olimlar HKU5 variantidan biri inson ACE2 retseptorlari bilan bog‘lanish qobiliyatiga ega bo‘lganini qayd etishgan. Bu esa virusning hayvon orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri insonga yuqish ehtimoli borligini anglatadi.

Shu bilan birga, hozircha virusning insonlar orasida tarqalayotgani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud emas. Biroq olimlar ushbu virus ustida doimiy kuzatuv va monitoring ishlari olib borilishi kerakligini ta’kidlashmoqda. Ayniqsa, Xitoydagi yovvoyi hayvonlar savdosi bilan bog‘liq mintaqalarda nazorat kuchaytirilishi zarur, chunki ana shu joylarda virusning insonga “sakrash xavfi” yuqori sanaladi.

Xulosa qilib aytganda, HKU5-CoV-2 hozircha to‘laqonli tahdid emas, ammo ustida jiddiy ilmiy va epidemiologik nazorat olib borilmasa, yangi global muammoga aylanishi mumkin. Olimlar hamon ushbu virusni sinchiklab kuzatishda davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda yangi xavfli virus aniqlandi: pandemiya xavfi yaqinmi?