
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilishga kelishib olgan. Bu haqda u dunyoning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bayon qildi.
Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonda aholi soni keskin o‘sib borayotgani va bu demografik o‘zgarishlar mamlakat mehnat bozoriga kuchli bosim o‘tkazayotganini qayd etdi. Bu holat, o‘z navbatida, chet elda, ayniqsa Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonliklar sonining ortishiga olib kelmoqda.
«30 yil avval O‘zbekistonda 15-18 million kishi yashagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 38 millionga yetib ulgurdi. Har yili aholi soni taxminan bir millionga ko‘paymoqda. Bu juda ham tez sur’atlarda kechayotgan demografik o‘zgarishlardir», — dedi Putin.
Ushbu o‘zgarishlar fonida Rossiya va O‘zbekiston rahbariyati, xususan, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘zaro anglashuvga erishib, mehnat migratsiyasini tizimli va barqaror yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan.
«Biz mehnat bozorida qanday holat yuzaga kelganini yaxshi tushunamiz. Shu sababli biz Shavkat Miromonovich bilan migratsiya masalalarini hamkorlikda hal qilish yuzasidan kelishuvga erishdik», — deya ta’kidladi Rossiya rahbari.
Muhojirlarni oldindan tayyorlash – asosiy maqsad
Putinning ta’kidlashicha, Rossiyada ishlashni xohlovchi fuqarolarni oldindan tayyorlash, ularni rus tili va madaniyatiga moslashtirish, shuningdek, me’yoriy-huquqiy bilimlar bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks rejalar mavjud.
«Bu masalada to‘liq rejalar bor. Biz rus tilini o‘rganish, rus madaniyatiga moslashish, ish muhitini anglashga yordam beruvchi tizimni shakllantiramiz», — dedi u.
Bunday yondashuv, albatta, nafaqat Rossiyadagi mehnat muhitini barqarorlashtirish, balki o‘zbekistonlik migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Yoshlar masalasi – ustuvor yo‘nalish
Uchrashuv davomida Putin yoshlar masalasini alohida tilga oldi. Unga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish katta ahamiyatga ega.
«Yoshlar bilan ishlashning o‘zi juda muhim va qimmatli yo‘nalishdir», — dedi u.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva yaqinda Moskvada bo‘lib, Rossiya hukumati va Prezident ma’muriyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Saida Shavkatovna ushbu uchrashuvlarda yoshlar sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.
«U prezident topshirig‘i asosida yoshlar yo‘nalishini rivojlantirish, Rossiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida madaniy va ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan aniq tashabbuslarni ilgari surmoqda», — dedi Rossiya prezidenti.
Putin ushbu tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va bu borada ikki davlat birgalikda samarali ish olib borishini bildirib o‘tdi.
Mehnat migratsiyasi – strategik ahamiyatga ega yo‘nalish
Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan bo‘layotgan hamkorlikni strategik ahamiyatga ega deb hisoblamoqda. Ayniqsa, mehnat migratsiyasini to‘g‘ri tashkil etish va fuqarolarni Rossiya sharoitiga mos ravishda tayyorlash ikki tomonlama manfaatlarni ta’minlaydi.
Mehnat muhojirlari soni ortib borayotgan bugungi kunda, ularning huquqiy himoyasi, til bilimi va kasbiy tayyorgarligi eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar