
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning 22 iyun kuni Erondagi yadroviy inshootlarga amalga oshirgan havo zarbasini ochiqdan-ochiq ma’qulladi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar tarqatdi. Prezident Zelenskiy o‘z nutqida Rossiyaning Ukrainaga qarshi Eronda ishlab chiqarilgan Shahed dronlaridan foydalanayotganini eslatib, bunday qurollarning qaysi manbaadan kelib tushayotgani barchaga ma’lumligini ta’kidladi.
Uning fikricha, Eronning Rossiyani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi Ukraina va boshqa qator davlatlar uchun qayg‘uli oqibatlarga, vayronagarchilik va inson qurbonlariga sabab bo‘ldi. “Bu fojiaviy yo‘lga, yadro quroli xavfiga nuqta qo‘yish lozim”, deya urg‘u berdi Zelenskiy.
Davlat rahbari zamonaviy dunyoda yadro qurollarining tarqalishiga umuman yo‘l qo‘yilmasligi, har qanday harbiy mojaroda bu kabi qurollarni qo‘llash haqida o‘ylash ham noo‘rin ekanini aytib o‘tdi. “Bu yo‘nalishda Amerika Qo‘shma Shtatlarining qat’iyati, prezident Trampning prinsipial qarashlari muhim ahamiyatga ega”, — dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u barcha mintaqalarda, jumladan, Yaqin Sharqda, Fors ko‘rfazida, Yevropa va Ukrainada tinchlikni ta’minlashda diplomatiya ustuvor ahamiyat kasb etishi kerakligini ta’kidladi.
Kiyevga qilingan hujum va oqibatlar
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Rossiya 23 iyun kuni Ukraina poytaxti Kiyevga yangi hujum uyushtirdi. Bu voqea oqibatida besh nafar inson halok bo‘lib, 13 kishi jarohat oldi. Raqib tomonidan yo‘lga qo‘yilgan raketa hujumlari faqat harbiy obyektlar emas, balki turar joy binolari, biznes markazi, maktab, metro bekati va boshqa ijtimoiy inshootlarga ham zarar yetkazdi. Shunga qaramay, ukrainalik qutqaruvchilar 10 kishini, jumladan, ikki bola va bir homilador ayolni tirik qoldira oldi.
Amerika – Eron ziddiyatining yangi bosqichi
22 iyunga o‘tar kechasi AQSH Erondagi uchta muhim yadroviy obyektga aviatsiya va suvosti kemalari orqali yirik hujum amalga oshirdi. Amerikaning B-2 strategik samolyotlari tog‘ ichida joylashgan Fordo uran boyitish markaziga kamida o‘nlab tonna og‘irlikdagi GBU-57 bunkerbuster bombalarini tashladi. “Yarim tun bolg‘asi” nomi bilan tarixga kirgan operatsiya doirasida nishonlarga 75 ta bomba tashlangani qayd etilgan.
Bir vaqtning o‘zida suvosti kemalari Natanz va Isfahon yadro obyektlariga taxminan 30 ta Tomahawk qanotli raketalarini yo‘naltirdi. AQSH prezidenti Tramp hujumdan so‘ng nishonlar to‘liq yo‘q qilinganini e’lon qildi.
Javob tariqasida Eron Isroilga bir necha ballistik raketalar uchirdi va ilk bor 2 ming kilometr masofaga uchadigan eng yangi Kheibar modelidan foydalandi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa, “AQSH bu harakati bilan nafaqat Eronga, balki o‘z xalqiga ham xiyonat qildi”, deb bayonot berdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar