Otning bosh suyagi ortidan ikki tish chiqdi

Buyuk Britaniyada veterinarlar Uels ponisi Kingning qulog‘i tagidagi shishni tekshirib, hayratlanarli holatga duch kelishdi. Shish oddiy abssess emas, balki ponining bosh suyagi ichida o‘sgan deyarli to‘liq hajmdagi ikkita tish joylashgan dentigeroz kista ekani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar bunday holatni «quloq tishi» deb atashadi. Bu kam uchraydigan tug‘ma rivojlanish nuqsoni bo‘lib, tish to‘qimasi odatdagidan tashqari joyda paydo bo‘ladi. Kingning holati esa yanada noodatiy — bitta kista ichida ikki tish shakllangan.
Ikki yoshli King G‘arbiy Yorkshirning Bredford shahri yaqinida bog‘langan holda topilgan. Uning ahvoli haqidagi xabardan so‘ng poni World Horse Welfare tashkilotining Blekpul yaqinidagi Penny Farm qutqaruv markaziga olib ketilgan.
King murakkab operatsiya vaqtida umumiy narkoz ostiga olindi. Mutaxassislar muhim tuzilmalarga zarar yetkazmaslik uchun bir necha soat davomida ishlab, o‘smalarni olib tashlashdi. Oakhill Vets mutaxassislari bunday kistalarni avval ham ko‘rgan, ammo bunday katta hajmdagi ikki tish bitta kistada joylashgan holatga duch kelishmagan.

Operatsiyadan keyin King yaxshi tiklandi va hozir sog‘lom hamda baxtli poniga aylangan. Veterinarlar esa kista davolanmaganida umrbod og‘riq, asoratlar va abssesslarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Kingni tashkilot xodimi Sara Taker o‘tgan yil oktyabr oyida topgan. Poni avval ham bir necha bor yordamga muhtoj bo‘lgan: u qiyalikdan ariqqa sirpanib tushgan, yana bir safar esa qochib chiqib, asosiy yo‘lga yugurgan. Egasi topilmagani sababli King xavfsiz joyga olib ketilgan va keyin World Horse Welfare ixtiyoriga topshirilgan.
Hozir uch yoshdagi King yangi egasiga berilish uchun tayyor. Xayriya tashkiloti ma’lum qilishicha, bir vaqtlar ozg‘in va jiddiy muammoga duch kelgan poni ularning qaramog‘ida ancha tiklanib, endi yorqin kelajak sari qadam qo‘ymoqda.






























Izohlar 0
…