
Jahon texno-maydonida yana katta harakatlar: TikTok ijtimoiy tarmog‘ining kelajagi masalasida AQSH va Xitoy o‘rtasida jiddiy muzokaralar davom etmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp Fox News studiyasida bu mavzuda muhim bayonot berdi — u «juda boy insonlar guruhi» TikTok'ni sotib olish uchun xaridor sifatida tanlanganini ma’lum qildi. Eng asosiysi, ushbu bitim amalga oshishi uchun Xitoy rahbari Si Jinpingning roziligi talab etiladi, deb xabar berdi Reuters.
Tramp ta’kidlaganidek, TikTok atrofidagi siyosiy tortishuvlar va xavfsizlik muammolari hali-hamon dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Aniqlik kiritilishicha, xaridorlar tarkibi, bitim shartlari va boshqa muhim jihatlar hozircha oshkor qilinmagan. Tramp ushbu ma’lumotlarni e’lon qilishni «taxminan ikki haftadan so‘ng»ga qoldirgan. Shu bois, jamoatchilik hozircha sabr qilishiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumki, AQSH kongressi va davlat tuzilmalari TikTok'ni milliy xavfsizlikka tahdid deb baholamoqda. Xususan, Kongress qabul qilgan va Jo Bayden imzolagan qonunga ko‘ra, TikTok egasi bo‘lgan ByteDance agar platformaning Amerika segmentini chet elliklardan, ya’ni Xitoydan ajratmasa, tarmoq butun AQSHda taqiqlanishi mumkin. Boshqa tomondan, TikTok o‘z aksiyalarining kamida 50 foizini AQSH kompaniyalariga sotsa, faoliyatni davom ettirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ayni paytda, Donald Tramp ma’muriyati «TikTok'ni qutqarish bo‘yicha bitim» ustida ish olib boryapti. Mavjud qonunning kuchga kirish muddati esa o‘tgan yanvar oyida Trampning maxsus topshirig‘i bilan 75 kunga ortga surilgandi. Shuningdek, aprel oyida u bu muddatni yana 75 kunga uzaytirdi.
Trampning bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, siyosiy tortishuvlar ortida katta iqtisodiy manfaatlar va texnologiya bozoridagi ulkan qo‘lga kiritishlar yotadi. TikTok'ni sotib olish masalasida nafaqat Amerika, balki butun jahon jamoatchiligi diqqat bilan kuzatmoqda. Chunki bu bitim AQSH va Xitoy o‘rtasidagi raqobatni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Yakuniy qaror esa yaqin haftalarda e’lon qilinadi. Shubha yo‘qki, bu kabi katta pullar o‘yini va texnologiya gigantlari orasidagi kelishuv jahon bozoriga katta ta’sir ko‘rsatadi va TikTok'ning kelajagi uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar