date

Falcon 9 Isroil sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirdi

Falcon 9 Isroil sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirdi
Amerikada ishlab chiqilgan Falcon 9 raketasi 13 iyul kuni yana bir bor osmon sari parvoz qildi. Ushbu safar u Isroilga tegishli bo‘lgan yangi avlod aloqa sun’iy yo‘ldoshi — Dror-1'ni muvaffaqiyatli ravishda orbitaga olib chiqdi, deb xabar berdi space.com.

Ma’lumotlarga ko‘ra, raketa Floridada joylashgan Kanaveral burnidagi AQSH Kosmik kuchlarining 40-start maydonchasidan uchirilgan. Uchish jadvalida hech qanday kechikish kuzatilmagan. Uning bortidagi sun’iy yo‘ldosh – Isroil mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqilgan Dror-1 bo‘lib, mamlakat hukumati buyurtmasiga binoan yaratilgan.

Bu apparat Isroilning aloqa infratuzilmasini mustahkamlash va xavfsiz axborot uzatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Narxi taxminan 200 million dollarni tashkil etuvchi ushbu sun’iy yo‘ldosh kamida 15 yil faoliyat ko‘rsatishi kutilmoqda.

Uning vazifasi nafaqat fuqarolik aloqalari, balki hukumat, armiya va davlat xizmatlari o‘rtasidagi ma’lumotlarni himoyalangan holda uzatishni ta’minlashdan iborat. Ta’kidlanishicha, bu sun’iy yo‘ldoshning uchirilishi Isroilning global aloqa sohasidagi mustaqilligi va texnik imkoniyatlarini yanada oshirib beradi.

Farqli jihatlardan yana biri shundaki, bu parvozda Falcon 9 raketasining birinchi pog‘onasi 13-marotaba ishlatildi va parvozdan so‘ng Atlantika okeanidagi “Just Read the Instructions” nomli dengiz platformasiga vertikal ravishda qo‘ndi. Bu orqali SpaceX kompaniyasi qayta foydalanish texnologiyasini yana bir bor amalda tasdiqladi.

Shuningdek, bundan bir necha oy avval, aniqrog‘i yanvar oyida SpaceX BAAga mansub Thuraya 4 sun’iy yo‘ldoshini ham fazoga uchirgandi. Ushbu apparat Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada mobil aloqa xizmatlarini taqdim etish uchun mo‘ljallangan edi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, SpaceX va Falcon 9 raketalari orqali amalga oshirilayotgan har bir missiya nafaqat astronomik maqsadlarga xizmat qilmoqda, balki zamonaviy axborot texnologiyalari, mudofaa salohiyati va geosiyosiy nufuzni ham kuchaytirayotganini ko‘rsatmoqda.

Yangi sun’iy yo‘ldoshlar zamonaviy dunyoda nafaqat ma’lumot almashishni, balki milliy xavfsizlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dror-1 misolida bu yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Falcon 9 Isroil sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirdi