Okean tubidan 9 ta sirli yangi jonzot turi topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Alyaska yaqinidagi okean tubidan fanga noma’lum bo‘lgan dengiz gubkasining 9 ta yangi turi aniqlandi.
- Bu kashfiyot AQSH Milliy okean va atmosfera ma’muriyati (NOAA) tomonidan olib borilgan uzoq yillik tadqiqotlar natijasida amalga oshirildi.
- Yangi turlarning ba’zilari tashqi ko‘rinishi va ichki tuzilishi bilan bir-biridan keskin farq qiladi, hatto bitta tur uchun butunlay yangi avlod yaratishga to‘g‘ri keldi.
Alyaska yaqinidagi muzdek va qorong‘i okean tubida olimlar uchun kutilmagan kashfiyot qilindi. Tadqiqotchilar fanga avval noma’lum bo‘lgan dengiz gubkasining 9 ta yangi turini aniqladi.
Yangi turlar Alyaska ko‘rfazi va Aleut orollari atrofidagi chuqur suvlardan olingan namunalarni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lgan. Bu haqda AQSH Milliy okean va atmosfera ma’muriyati (NOAA) xabar berdi.
Okean tubida hali qancha sir bor?

Qizig‘i, olimlar bu jonzotlarni yaqinda tasodifan topib qolmagan. Namunalar NOAA'ning uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan dengiz tadqiqotlari vaqtida yig‘ilgan. Ayrim namunalar 2012 yildan buyon saqlanib, keyinchalik maxsus mikroskopik va genetik tahlillardan o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar natijasida 9 ta namuna mustaqil yangi tur ekani aniqlangan. Ular olti xil guruhga mansub bo‘lib, ba’zilari tashqi ko‘rinishi va ichki tuzilishi bilan bir-biridan keskin farq qiladi.
Eng qiziq jihatlardan biri — yangi turlardan biri shu qadar o‘ziga xos bo‘lganki, olimlar uni tasniflash uchun butunlay yangi avlod (genus) yaratishiga to‘g‘ri kelgan. Yana bir tur esa ilgari asosan tropik hududlarda uchragan guruhning Alyaska kabi sovuq mintaqadagi birinchi ma’lum namunasi bo‘ldi.
Ular oddiy “gubka” emas

Dengiz gubkalari tashqi ko‘rinishidan juda sodda jonzotlarga o‘xshasa-da, okean ekotizimida muhim vazifani bajaradi. Ular suvni filtrlaydi, okean tubida boshqa hayvonlar uchun yashirinish va panoh topish joylarini hosil qiladi.
Ayrim baliqlar va qisqichbaqalar gubkalar orasida yashirinadi. Hatto ba’zi baliq turlari tuxumlarini gubkalarning ichki qismiga joylashtirishi aniqlangan.
Olimlarning ta’kidlashicha, Alyaska suvlarida hozirgacha 232 ta dengiz gubkasi turi ma’lum. Biroq chuqur okeanning katta qismi hali to‘liq o‘rganilmagani sababli, kelajakda yana ko‘plab noma’lum turlar aniqlanishi mumkin.






























Izohlar 0
…