date

AQSH «Oltin gumbaz»ni Masksiz amalga oshirishga harakat qilmoqda

AQSH «Oltin gumbaz»ni Masksiz amalga oshirishga harakat qilmoqda
Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixidagi eng katta mudofaa tashabbuslaridan biri – “Oltin gumbaz” loyihasi atrofida jiddiy geosiyosiy harakatlar boshlandi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi ishonchli manbalarga tayanib xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, Donald Tramp rahbarligidagi ma’muriyat yangi avlod raketalarini aniqlash va yo‘q qilishga qodir milliy xavfsizlik shitini yaratishga bel bog‘lagan. Loyihaning texnik va amaliy qismini amalga oshirishda avval boshda Ilon Mask rahbarligidagi SpaceX kompaniyasi bosh nomzod sifatida ko‘rib chiqilgandi.

Biroq keyingi paytlarda Mask va Tramp o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgani bois, Oq uy rahbarlari yangi hamkor qidirishga majbur bo‘lmoqda. Mudofaa vazirligi ham shu yo‘nalishda ehtiyot chorasi sifatida Amazon tarkibidagi Project Kuiper hamda AQSHdagi yirik harbiy pudratchilar bilan muzokaralarni boshlab yubordi.

Bu orqali ular “Oltin gumbaz”dek ulkan va strategik loyiha birgina kompaniyaga bog‘lanib qolmasligi, bir necha manbali texnologik yondoshuv orqali ehtimoliy tahdidlarga qarshi samarali mudofaa tizimini yaratish niyatini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, loyiha uchun ajratilgan 175 milliard dollarlik budjet ham ko‘plab kompaniyalarni qiziqtirmoqda. Bu raqam, shubhasiz, har qanday xususiy yoki davlat kompaniyasi uchun ulkan imkoniyat hisoblanadi.

Shuningdek, “Reuters” manbalariga ko‘ra, SpaceX hali ham “Oltin gumbaz” doirasidagi uchirilish va transport logistikasi bo‘yicha eng real nomzodlardan biri sifatida qolmoqda. Chunki kompaniyaning so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatli loyihalari, xususan, Starlink va Falcon seriyasidagi uchirilishlar, uni texnik jihatdan raqobatsiz etmoqda.

Ekspertlar fikricha, “Oltin gumbaz” nafaqat AQSHning mudofaa sohasidagi kuchini oshiradi, balki global darajada kosmosdagi kuchlar muvozanatiga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu bois, bu loyiha atrofidagi siyosiy va iqtisodiy raqobat yanada kuchayishi ehtimoldan xoli emas.

Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Ammo ayni damda yuz berayotgan harakatlar, muzokaralar va ehtiyotkorlik bilan tanlanadigan texnologik hamkorlar AQSHning xavfsizlik strategiyasidagi jiddiy burilishni ko‘rsatib turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH «Oltin gumbaz»ni Masksiz amalga oshirishga harakat qilmoqda