date

G‘azada yordam umidi uyg‘ondi, lekin fuqarolar barqaror tinchlikni kutmoqda

G‘azada yordam umidi uyg‘ondi, lekin fuqarolar barqaror tinchlikni kutmoqda
G‘azo sektorida yashovchi ikki milliondan ortiq aholi gumanitar tanaffus e’lon qilinishi va yordam karvonlarining kirishiga ruxsat berilishi haqidagi xabarlarga ehtiyotkorlik bilan ijobiy munosabat bildirdi. Biroq ko‘plab fuqarolar bu chora faqat vaqtinchalik bo‘lib, tub muammolarni hal etishga xizmat qilmasligidan xavotir bildirmoqda.

Isroil armiyasi yakshanba kuni G‘azoga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beruvchi karvonlar o‘tishi uchun gumanitar yo‘laklar ochilishini ma’lum qildi. Bu qaror ochlik xavfi ortib borayotgani va xalqaro bosim kuchaygani ortidan qabul qilindi.

So‘nggi oylarda G‘azoda kundalik hayot deyarli to‘xtab qoldi — bombardimonlar, chegara yopilishi va yetkazib berish yo‘llarining uzilishi natijasida aholi oziq-ovqat, toza ichimlik suvi va dori-darmon kabi zaruriy ehtiyojlardan jiddiy qiyinchilik ko‘rmoqda.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, ular G‘azoga un, shakar va konservalangan mahsulotlardan iborat yetti paket yordamni samolyot orqali yetkazishgan.

Oltita farzand onasi Nivin Solih: “Bu faqat oziq-ovqat miqdori haqida emas, balki sifati haqida ham. To‘rt oydan beri birorta ham yangi meva yoki sabzavot yeganimiz yo‘q. Tovuq, go‘sht, tuxum yo‘q. Faqat muddati o‘tgan konservalar va un bor xolos”, dedi.

G‘azodagi sog‘liqni saqlash mutaxassislariga ko‘ra, ayniqsa bolalar va maxsus parhezga ehtiyoji bor shaxslar orasida oziq-ovqat yetishmovchiligi kuchayib bormoqda.

G‘azo-Misr chegarasida joylashgan Rafah o‘tish nuqtasida yordam yuklangan yuk mashinalari navbatda turibdi. BMT va boshqa insonparvarlik tashkilotlari yordam yetkazilishiga hech qanday to‘siq bo‘lmasligini, yordamlar erkin kirishi kerakligini qayd etmoqda.

Shimoliy G‘azodagi Ahmad Taha ismli do‘kondor: “Bu doimiy yechim emas, bu xuddi saraton kasalligiga qarshi og‘riq qoldiruvchi berishdek gap — muammoning o‘zi esa qolmoqda”, deya fikr bildirdi.

G‘azo aholisi hozircha yordamdan minnatdor bo‘lsada, tinchlik sari olib boruvchi barqaror siyosiy yechimni intiqlik bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azada yordam umidi uyg‘ondi, lekin fuqarolar barqaror tinchlikni kutmoqda