Rossiya tarixidagi eng yirik giyohvandlik vositasi musodarasi sifatida qayd etilgan holat Sankt-Peterburg shahrida kuzatildi. Ekvadordan yo‘lga chiqqan va “Cool Emerald” nomi bilan qayd etilgan kema orqali mamlakatga banan yuki olib kirilgan. Biroq yuk orasidan kutilmagan tarzda katta miqdorda — 1,5 tonnadan ziyod kokain aniqlanib, deb xabar berdi Rossiya Federal bojxona xizmati.
Banan orasida yashirilgan "beloe zoloto"
Ma’lumotlarga ko‘ra, 29 avgust kuni Sankt-Peterburg dengiz portiga yetib kelgan kemada kokain maxsus tarzda banan qutilari orasiga yashirilgan. Ko‘rik paytida bojxona va xavfsizlik xizmati xodimlari 1500 dan ortiq briketni musodara qildi. Ularning umumiy og‘irligi o‘rami bilan birga 1750 kilogrammni tashkil etdi, sof og‘irligi esa 1515 kilogrammga yetdi.
Briketlardan biriga "Fendi" deb yozilgani e’tiborni tortdi. Mutaxassislarning baholashicha, musodara qilingan kokainning qora bozorga qiymati taxminan 20 milliard rublga teng. Bu esa 240 million AQSh dollari atrofidagi summa hisoblanadi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Rossiya Federal bojxona xizmati bu holatni mamlakat tarixidagi eng yirik giyohvandlik moddasi musodarasi sifatida qayd etdi. Ayni damda Boltiqbo‘yi bojxona xizmati tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi asosida jinoyat ishi ochildi. Unga ko‘ra, giyohvand moddalarning o‘ta yirik miqdordagi kontrabandasi uchun umrboq ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Rasmiy ma’lumotda ta’kidlanishicha:
“Hozirda narkotik moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoyiy guruh a’zolarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda”.