AQSHning Alyaskasida joylashgan Katmay milliy qo‘riqxonasida yashovchi Chank nomli jigarrang ayiq mamlakatdagi eng semiz ayiq sifatida e’tirof etildi. Bu haqda People nashri xabar tarqatdi.
G‘olib 23–30 sentyabr kunlari o‘tkazilgan “Semiz ayiq haftaligi” tanlovi doirasida aniqlandi. Har yili Alyaskada tashkil etiladigan bu noodatiy musobaqa qish uyqusiga kirishdan oldin jigarrang ayiqlarning tana vaznini baholashga qaratilgan. Oddiy holda yozda erkak ayiqning og‘irligi 320–400 kiloni tashkil etsa, kuzga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 550 kiloga yetadi.
Joriy yil tanlovida 11 ta ayiq qatnashdi. G‘olib internet orqali ovoz berish yo‘li bilan tanlandi. Chank 96 362 ta ovoz to‘plab, 63 729 ovoz olgan asosiy raqibi – 856-raqamli ayiqni ortda qoldirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Chank 2025 yilda Katmayga chap jag‘idan jarohat olgan holda kelgan. Shunga qaramay, u tez orada asosiy ozuqa manbai – qizil ikrani tutib yeyishga moslashib ketgan.