Pragada ikki poyezd to‘qnashdi, 46 kishi shifoxonaga yotqizildi

Chexiya poytaxti Pragada ikki poyezdning yuzma-yuz to‘qnashishi oqibatida 46 kishi turli darajada jarohat oldi. Ular orasida 16 nafar xorijiy fuqaro ham bor. Ikki poyezd mashinisti og‘ir jarohatlangan. Hozircha halokat oqibatida halok bo‘lganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Hodisa ertalabki tirband vaqtda, mahalliy soat bilan taxminan 07:00 da sodir bo‘lgan. Poyezdlar poytaxt markazidagi bosh temiryo‘l vokzali yaqinida joylashgan ko‘prik ustida to‘qnashgan. Hokimiyat vakillari tarkiblar shahar hududida nisbatan past tezlikda harakatlanganini bildirgan.
Chexiya transport vaziri Ivan Bednarjik mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan izohida hodisaning aniq sababi hali ma’lum emasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, halokatga texnik nosozlik yoki inson omili sabab bo‘lgani haqida hozircha xulosa qilish erta. Biroq dastlabki ma’lumotlardan biri poyezdlardan biri taqiqlovchi svetofor ishorasiga qaramay harakatlanganini ko‘rsatmoqda.
Vazir voqea tafsilotlarini sinchiklab o‘rganish va temiryo‘l transporti xavfsizligini yanada oshirish uchun zarur choralarni ko‘rish maqsad qilinganini bildirgan.
Qutqaruv xizmatlari poyezdlarda bo‘lgan barcha yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun qariyb ikki soat vaqt sarflagan. Hodisa joyidan olingan suratlarda qutqaruvchilar jarohatlanganlarni zambillarda olib chiqqani aks etgan.
Praga politsiya boshqarmasi ma’lum qilishicha, qutqaruv operatsiyasi yakunlangan. Hozirda poyezdlar to‘qnashuviga olib kelgan holatlarni aniqlash bo‘yicha tergov boshlangan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…