Alyaskada o‘zini chetga oladigan ayiq «Yil introverti» deb topildi

Alyaskada o‘zini chetga oladigan ayiq «Yil introverti» deb topildi

AQSHning Alyaska shtatidagi Tongass milliy o‘rmonida yashovchi Nagget laqabli qora ayiq noodatiy xulqi uchun 2026 yilning «Yil introverti» mukofotiga sazovor bo‘ldi. U boshqa ayiqlar bilan birga losos ovlashga shoshilmaydi, ko‘pincha qoyalar orasida yashirinib, chetda kutishni afzal ko‘radi. Bu haqda RBK Life xabar berdi.

AQSH O‘rmon xizmati xodimlarining kuzatuvlariga ko‘ra, Naggetni mavsum davomida Anan soyining quyi sharsharalari yaqinidagi qoyalar orasida ko‘p uchratish mumkin. Ba’zan u toshlar orasidagi yoriqdan boshini chiqarib, atrofni kuzatadi. Boshqa paytlarda esa baliq ovlayotgan ayiqlarni chetdan kuzatib, o‘z navbatini sabr bilan kutadi.

Nagget bu hududda ilk bor 2024 yilda ko‘rilgan. U boshqa ayiqlarga nisbatan kichikroq gavdasi va mavsum davomida rangi o‘zgarib turadigan yungi bilan ham ajralib turadi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Nagget dastlab soy bo‘yida boshqa ayiqlardan qolgan ozuqa bilan oziqlangan. Vaqt o‘tishi bilan esa mustaqil ravishda losos tutishni o‘rgangan.

«Yil introverti» unvoni Tongass milliy o‘rmoni xodimlari tomonidan Anan hududida yashovchi ayiqlarga beriladigan maxsus mukofotlar turkumiga kiradi. Bu tashabbus orqali mutaxassislar yovvoyi tabiat va uning o‘ziga xos vakillariga jamoatchilik e’tiborini qaratmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar