Fransiyalik professional sportchi Orelen Fonteno Eyfel minorasiga velosipedda ko‘tarilish bo‘yicha yangi jahon rekordini yangiladi. U minoraning ikkinchi qavatiga 12 daqiqa 30 soniyada ko‘tarilib, avvalgi rekord natijasini qariyb 7 daqiqaga yaxshiladi.
Eyfel minorasi rasmiy Facebook sahifasida ma’lum qilinishicha, sportchi 686 ta zinapoyani bosib o‘tgan va sinov velosipedi (trial bike) yordamida rekordni qayd etgan. Bunday velosipedlar maxsus to‘siqlarni yengib o‘tish va notekis yo‘llarda harakatlanish uchun mo‘ljallangan.
Avvalgi rekord 19 daqiqa 4 soniya bo‘lgan. Orelen Fonteno esa bu masofani 12 daqiqa 30 soniyada bosib, natijani 6 daqiqa 34 soniyaga yaxshiladi.
Ma’lumot uchun, Fonteno uch karra jahon vitse-chempioni hisoblanadi va trial cycling yo‘nalishida ko‘plab xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan.
Uning Eyfel minorasidagi bu yutug‘i Fransiya sport jamoatchiligi tomonidan yuqori baholangan va Parijning ramziy inshootida o‘rnatilgan ilk rasmiy velosport rekordi sifatida qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!