date

Kim Chen In: «maxsus resurslar» AQSHga javob sifatida

Kim Chen In: «maxsus resurslar» AQSHga javob sifatida

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Vashingtonning Janubiy Koreyada harbiylar sonini ko‘paytirishiga reaksiya sifatida KXDR «maxsus resurslar»ni faollashtirganini ma’lum qildi. Koreya Mehnat partiyasi tuzilganining 80-yilligiga bag‘ishlangan harbiy ko‘rgazmaga tashrif chog‘ida aytilgan bu bayonotni KMTA 5 oktyabr, yakshanba kuni e’lon qildi.
«Dushmanlarimiz o‘z xavfsizligi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak, deb hisoblayman», — dedi Kim Chen In. Uning ta’kidlashicha, «AQSH–Janubiy Koreya yadroviy ittifoqi shiddat bilan kengayyapti, xavfli ssenariylarni amalda sinash uchun turli mashqlar o‘tkazilyapti. AQSH janubda harbiy salohiyatini oshirib borgan sari, mintaqaga nisbatan bizning strategik xavotirlarimiz ham kuchaymoqda», deb yozadi AFP.
KMTA «maxsus resurslar»ning aniq nimaligini ochiqlagani yo‘q. Ammo agentlik tarqatgan suratlarda Kim Chen In yopiq pavilonda generallar hamrohligida turli qurol-aslahalar, jumladan, raketalar qatoridan o‘tayotgani ko‘rinadi.
Seul rasmiylarining aytishicha, Pxenyan Moskva bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlayapti, Pekin bilan aloqalarni ham chuqurlashtirmoqda. Eslatib o‘tamiz, Kim Chen In sentyabr oyida Xitoyga tashrif buyurgan.
AFP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH shimoliy tahdidlarga qarshi turish maqsadida Koreya yarimorolining janubiy qismida taxminan 28,5 ming askarini doimiy ravishda saqlaydi. Shuningdek, Vashington 15–19-sentyabr kunlari Janubiy Koreya va Yaponiya bilan Iron Mace qo‘shma mashqlarini o‘tkazgan.
Harbiy ritorika kuchaygan bir paytda KXDRning «maxsus resurslar» haqidagi ishorasi mintaqadagi muvozanat va xavfsizlik kun tartibining yanada og‘irlashganidan darak bermoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kim Chen In: «maxsus resurslar» AQSHga javob sifatida