Sun’iy intellekt kameralarini chalg‘itishga mo‘ljallangan ko‘ylak yaratildi

Berlinlik rassom va raqamli san’atkor Saymon Vekkert sun’iy intellekt asosida ishlaydigan obyektlarni aniqlash tizimlarini chalg‘itishga mo‘ljallangan “Digital Camouflage” nomli ko‘ylak yaratdi.
Ko‘ylakdagi yorqin ranglar va maxsus naqshlar kompyuter ko‘rishi algoritmlariga inson gavdasini aniqlashni qiyinlashtirishi uchun ishlab chiqilgan. Dizayn oddiy kamuflyajdan farqli ravishda, inson ko‘zidan ko‘ra sun’iy intellekt tasvirni qanday tahlil qilishiga moslashtirilgan.
Vekkert naqshni yaratishda uni YOLO nomli obyektlarni aniqlash tizimida qayta-qayta sinovdan o‘tkazgan. Har bir bosqichda naqsh o‘zgartirilib, tizimning odamni “inson” sifatida aniqlash ishonchi pasaytirilgan. Natijada ayrim sinovlarda ko‘ylak kiygan odam tizim tomonidan aniqlanmay qolgan.
Biroq bu ko‘ylak barcha sun’iy intellekt kameralarida odamni “ko‘rinmas” qilib qo‘yadi, degani emas. Uning samaradorligi foydalanilayotgan algoritm va kamera tizimiga bog‘liq.
“Digital Camouflage” loyihasi sun’iy intellekt yordamida videokuzatuv texnologiyalari kengayib borayotgan bir paytda shaxsiy daxlsizlik masalasiga e’tibor qaratishga qaratilgan badiiy tajriba sifatida ko‘rilmoqda.
Ko‘ylakning narxi turli manbalarda taxminan 75–88 dollar atrofida ko‘rsatilgan. Vekkert bundan avval 99 ta smartfonni aravachada olib yurib, Google Maps'da sun’iy tirbandlik paydo qilgan loyihasi bilan ham tanilgan.































Izohlar 0
…