date

Eronda riyolning to‘rt noli olib tashlanadigan yangi davr boshlandi

Eronda riyolning to‘rt noli olib tashlanadigan yangi davr boshlandi

Eron moliya tizimi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan qaror rasman kuchga kirdi: Markaziy bank rahbariyati Pizishkiyondan qonunga kiritilgan tuzatishlar haqidagi rasmiy ogohlantirishni qabul qildi. Mazkur o‘zgarish mamlakat milliy valyutasi — riyolni denominatsiya qilish, ya’ni to‘rtta nolni yo‘qotishni nazarda tutadi. Yangi tizimga ko‘ra, 10 ming riyol endi 1 riyol sifatida hisoblanadi.

Shu bilan birga, mamlakat pul muomalasiga yangi birlik — qiron ham kiritiladi. U riyolning yuzdan bir qismiga teng bo‘ladi va kelgusidagi hisob-kitoblarda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda. Eron hukumati bu islohotni bir yilda emas, asta-sekin joriy qilish niyatida: uch yillik o‘tish davrida eski va yangi riyollar bir vaqtning o‘zida muomalada bo‘ladi. Bu aholining moslashuvi va bozordagi barqarorlikni saqlash maqsadida amalga oshiriladi.

Denominatsiya haqidagi qonun loyihasi 2024 yil oktyabrda parlament tomonidan qabul qilingan. Munozaralar keskin kechgan bo‘lsa-da, 144 deputat islohotni qo‘llab-quvvatladi, 108 deputat qarshi chiqdi, uch kishi betaraf qoldi. Bu ham mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va valyuta muammolari qanchalik jiddiy ekanidan darak beradi.

Eron hukumatining riyolni o‘zgartirish rejasi ilk bor 2019 yilda ilgari surilgan edi. Shundan beri taklif bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi, turli variantlar muhokama qilindi. 2024 yilda Pizishkiyon riyolning nomini o‘zgartirib, Islom inqilobigacha bo‘lgan tarixiy valyuta — tumanni qayta joriy etishni taklif qildi. Biroq bu g‘oya parlamentda yetarli qo‘llovga ega bo‘lmadi va qabul qilinmadi.

Hozirda Eron ikki xil kurs bilan yashamoqda: rasmiy va «siyoh bozor» kursi. Markaziy bank 1 AQSH dollarini 42 ming riyol deb belgilagan bo‘lsa, sanksiyalar va valyutaga cheklovlar tufayli shakllangan norasmiy bozorda dollar narxi 1 million 127 ming riyolgacha ko‘tarilgan. Bu jamoatchilik orasida inflyatsiyadan qochish uchun dollarga talabni yanada kuchaytirgan.

Inflyatsiya darajasi ham mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli bosim o‘tkazmoqda. 2025 yil sentyabrda iste’mol narxlari indeksi 45,3 foiz atrofida bo‘ldi. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda inflyatsiya 32,5 foizni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkichlar Eron iqtisodiyotidagi muammolarni yanada oydinlashtirib turibdi.

Shu bois riyolni denominatsiya qilish nafaqat pul muomalasini yengillashtirish, balki aholining ishonchini tiklash, iqtisodiy hisob-kitoblarni soddalashtirish va uzoq muddatda barqarorlikka erishish maqsadida amalga oshirilmoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, bu jarayon yaxshi boshqarilsa, mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi sahifa ochilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Eronda riyolning to‘rt noli olib tashlanadigan yangi davr boshlandi