
24-dekabrga o‘tar kechasi Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Hodisa Shamsiddin Shohin tumanida ro‘y berdi. Oqibatda ikki nafar tojikistonlik halok bo‘ldi, deb xabar beradi Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.
Afg‘oniston tomondan uch nafar shaxs chegara postiga bostirib kirgan. Ular chegara xodimlarining taslim bo‘lish haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmay, qurolli qarshilik ko‘rsatgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, ular postga hujum qilishni rejalashtirgan.
Jang natijasida uchala shaxs zararsizlantirilgan. Hodisa joyidan miltig‘lar, avtomatlar, qo‘l granatalari, portlovchi moddalar va boshqa o‘q-dorilar musodara qilingan. To‘qnashuvda Tojikistonning “Sarichashma” harbiy qismida xizmat qilgan 28 yoshli Ismatullo Qurbunov va 33 yoshli Zirebon Navro‘zbekov halok bo‘lgan.
Bu so‘nggi bir oy ichida sodir bo‘lgan uchinchi to‘qnashuv bo‘ldi. Tojikiston “Tolibon” rahbariyatini chegara xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xodimlari mamlakatni himoya qilishda barcha imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.