
IMEI — mobil qurilmaning xalqaro identifikatori bo‘lib, har bir telefon yoki smartfonga beriladigan unikal raqam hisoblanadi. Odatda u 15 ta raqamdan iborat bo‘ladi va qurilmani tarmoqda aniqlash, o‘g‘irlikka qarshi kurashish hamda qalbaki telefonlar aylanmasini cheklashda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli so‘nggi yillarda ko‘plab davlatlar IMEI’ni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy qilmoqda.
Nega davlatlar IMEI’ni nazorat qiladi?
IMEI reestrlari, avvalo, o‘g‘irlangan telefonlarni tarmoqdan uzishga yordam beradi. Ikkinchidan, bu firibgarlik va noqonuniy importga qarshi samarali vosita hisoblanadi. Ayrim davlatlarda esa IMEI orqali bojxona va soliq to‘lovlarini chetlab o‘tib keltirilgan qurilmalar nazorat qilinadi.
Qat’iy va yumshoq tizimlar
Dunyoda IMEI nazorati ikki asosiy model asosida ishlaydi.
Qat’iy (“oq ro‘yxat”) tizim joriy etilgan mamlakatlarda har bir telefon majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, aks holda u butunlay bloklanadi. Bunday davlatlar qatoriga Chili, Kolumbiya, Turkiya, Ozarboyjon, Nepal va Misr kiradi. Ayrim hollarda turistlar uchun vaqtinchalik imtiyozlar ham mavjud.

Yumshoq nazoratni qo‘llaydigan mamlakatlar ham bor. Masalan, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Kambodja, Tailand, Nigeriya va Eronda IMEI ko‘proq SIM-kartani faollashtirish paytida qayd etiladi yoki faqat o‘g‘irlik holatida bloklanadi.
O‘zbekistondagi tartib qanday?
Xaritalarda O‘zbekiston ko‘pincha alohida ko‘rsatilmasa-da, amalda mamlakatda IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish qat’iy talab etiladi. Mahalliy GSM operatorlari SIM-kartasidan foydalanish uchun har qanday telefon yoki mobil qurilmaning IMEI-kodi UZIMEI tizimida qayd etilgan bo‘lishi shart.
Qoidaga ko‘ra, qurilma mahalliy tarmoqqa birinchi marta ulangan kundan boshlab 30 kalendar kun ichida IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish lozim. Agar bu muddatda amalga oshirilmasa, aloqa xizmatlariga kirish vaqtincha cheklanadi.
2025 yildan to‘lovlar o‘zgardi
2025 yil 1 avgustdan boshlab IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovlari bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘landi.
— 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazish: BHMning 20 foizi — 82 400 so‘m.
— 30 kundan keyin: BHMning 25 foizi — 103 000 so‘m.
Barcha rasmiy tariflar va to‘lov usullari UZIMEI portalida e’lon qilingan.
Qanday ro‘yxatdan o‘tkaziladi?
IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn tarzda — portal orqali elektron to‘lov tizimlari yoki bank vositasida amalga oshirish mumkin. Shuningdek, pochta bo‘limlarida pasport va qurilmani taqdim etgan holda ham ro‘yxatdan o‘tish imkoni bor.
Yana bir muhim jihat: 2025 yildan chet eldan olib kirilgan telefonlar uchun bojxona deklaratsiyasi masalasi dolzarb bo‘ldi. Agar qurilma bojxona bazasida qayd etilmagan bo‘lsa, qo‘shimcha 30 foiz boj to‘lovi qo‘llanishi mumkin.
Xulosa
IMEI nazorati — bu shunchaki formallik emas, balki bozorni tartibga solish va xavfsizlikni ta’minlash vositasi. O‘zbekistonda qoidalar aniq va qat’iy: telefonni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmasangiz, aloqa yo‘q. Shuning uchun yangi yoki chet eldan olib kirilgan qurilma oldingizmi — birinchi ish IMEI’ni tekshirish va qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘lsin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.