Tailandda ekstrasens bashoratni “isbotlash” uchun telefon o‘g‘irladi

Tailandning Pattaya shahrida politsiya 38 yoshli folbin Udomsap Muangkayini o‘g‘irlikda ayblab qo‘lga oldi. Ekstrasens yaqinlashib kelayotgan ko‘ngilsizliklar haqidagi o‘z bashoratining to‘g‘riligini isbotlash uchun 19 yoshli Pim ismli mijozining iPhone’ini o‘g‘irlagan. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bermoqda.
Hodisa Vat Chaymongkol qirollik ibodatxonasi yaqinida sodir bo‘lgan. Yupun kiyingan folbinga rahmi kelgan qiz undan yangi yil bashoratini so‘rashga qaror qildi. Seans paytida Udomsap unga kelgusi yilda uni omadsizlik va qimmatbaho mulkni yo‘qotish kutayotganini aytdi va pul evaziga buning oldini olishni taklif qildi. Pim pul to‘lashdan bosh tortgach, folbin, tergov versiyasiga ko‘ra, uning smartfonini o‘g‘irlab ketgan.
Qiz ketgandan keyingina uning yo‘qolganini bilib qoldi va Udomsapning oldiga qaytib keldi. U bunga aloqadorligini rad etgan, ammo o‘tkinchilar yordamida uni qo‘lga olishga va politsiyani chaqirishga muvaffaq bo‘lgan. Telefon tibbiy niqoblar qutisiga yashirilgan folbinning sumkasidan topilgan. Shu yerning o‘zida uning folbinlik uskunalari ham olib qo‘yilgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, oxir-oqibat Udomsap o‘g‘irlikni tan olib, jabrlanuvchidan moddiy ahvoli og‘irligi va "birinchi nojo‘ya xatti-harakati" tufayli ariza bermaslikni so‘ragan. Telefon egasiga qaytarildi, folbin esa keyingi tekshiruv uchun bo‘limga olib ketildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!