AQSh Venesuela neft tankerini qo‘lga oldi

AQSh Venesuela bilan bog‘liq yana bir neft tankerini musodara qildi. “Veronica” nomli tanker Karib dengizida AQSh kuchlari tomonidan hech qanday qarshiliksiz qo‘lga olingan. Ushbu hodisa AQSh prezidenti Donald Trampning Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado bilan rejalashtirilgan uchrashuvi arafasida sodir bo‘ldi.
AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, tanker AQSh tomonidan sanksiyalangan kemalar uchun joriy etilgan cheklovlarni buzgan. Rasmiy bayonotda Venesueladan faqat qonuniy va muvofiqlashtirilgan neft eksportiga ruxsat berilishi ta’kidlangan. Operatsiya tong oldi paytida o‘tkazilgan va u hech qanday to‘qnashuvsiz yakunlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Guyana bayrog‘i ostida ro‘yxatdan o‘tgan “Veronica” tankeri yanvar oyi boshida Venesuela hududiy suvlarini bo‘sh holda tark etgan. Shunga qaramay, AQSh rasmiylari kema avval Venesuela neftini tashishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Ushbu tanker so‘nggi bir oy ichida AQSh tomonidan qo‘lga olingan Venesuela bilan bog‘liq oltinchi kema hisoblanadi.
AQSh hukumati Venesuela neft savdosiga aloqador yana o‘nlab tankerlarni musodara qilish uchun sud ruxsatnomalarini tayyorlamoqda. Avval qo‘lga olingan kemalarning aksariyati soxta bayroqlar ostida suzgan yoki ularning rasmiy ro‘yxatdan o‘tishi bekor qilingan bo‘lgan. Vashington bu choralarni Venesueladagi neft oqimini nazorat qilish va mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirayotganini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!