Xitoyning Hunan qazilmalaridan fan bilmagan 91 jonzot turi chiqdi

Paleontologlar Xitoyning Hunan provinsiyasida 500 million yil avval yashagan, fan uchun noma’lum bo‘lgan jonzotlar izlariga duch keldi, deb CBS News xabar berdi. Tadqiqotchilar qariyb 50 mingta qazilma namunasini jamlab, tahlil natijasida jami 153 ta tur mavjudligini aniqlagan. Shulardan 91 tasi ilm-fan uchun mutlaqo yangi tur ekani aytilmoqda.
Olimlarni eng ko‘p hayratlantirgan jihat — topilmalarda yumshoq to‘qimalar deyarli buzilmagan holda saqlanib qolganidir. Gap ko‘zlar, jabralar, ichaklar va hatto asab tizimi kabi nozik organlar haqida bormoqda. Odatda millionlab yillar o‘tishi bilan faqat suyak yoki qattiq qobiq saqlanadi, biroq bu hududdagi sharoit nozik tuzilmalar ham “konservatsiya” bo‘lishiga imkon bergan.
Taxminlarga ko‘ra, bu jonzotlar taxminan 513 million yil avval, Yer tarixidagi dastlabki yirik qirilib ketish davridan keyinroq yashagan. Topilmalar dengiz ekotizimlari bioxilma-xilligi keskin kamayganidan so‘ng tabiat qanday tiklanganini tushunishga yordam beradi. Qazilmalarda qadimiy chuvalchanglar qarindoshlari, meduzalar, dengiz “gubkalari” va ko‘plab bo‘g‘imoyoqlilar uchragan, ayrimlari ilgari faqat Kanadadagi topilmalar orqali ma’lum bo‘lgani esa ularning keng tarqalganini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!