Asad Damashq saroyida so‘nggi kunlarini o‘yin bilan o‘tkazgani aniq bo‘ldi

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad hokimiyati qulayotgan, shaharlar qo‘ldan ketayotgan, atrofdagilar “endi nima qilamiz?” degan savol bilan yugurayotgan pallada… go‘yo hech narsa bo‘lmayotgandek, telefonida o‘yin o‘ynab vaqt o‘tkazgan. Shu haqda The Atlantic jurnali material berdi.
Material muallifi jurnalist Robert F. Uort Damashqdagi prezident saroyi atrofidagi odamlar — ofitserlar va doimiy mehmonlar bilan suhbatlashgan. Ularning aytishicha, Asad mamlakat ichidagi og‘ir vaziyatni barqarorlashtirish yoki hokimiyatni saqlab qolish uchun amaliy qadamlar tashlashga shoshilmagan. Hatto Rossiya, Turkiya va Erondan turli yordam takliflari bo‘lganiga qaramay, u vaziyatni “qo‘lga olish”ga harakat qilmagani, qo‘ng‘iroqlarga javob bermagani va telefonidagi o‘yinlarga berilib ketgani ta’kidlanadi.
Natija esa ma’lum: 2024 yil dekabr oyida tezkor hujumlar ortidan qo‘zg‘olonchi kuchlar Damashq nazoratga olinganini e’lon qildi va Asad mamlakatdan chiqib ketdi. Keyinroq Asad oilasi bilan Moskvaga yo‘l olgani va Rossiya unga boshpana bergani haqida xabarlar tarqadi. Kreml tomonidan bu qaror “insoniylik nuqtayi nazaridan” qabul qilingani haqida ham ma’lumotlar berilgan.
Mutaxassislar qayd etganidek, bunday “uzoqqa qaramay qolish” — oddiy beparvolik emas, balki butun tizimning so‘nggi bosqichda qanday qotib qolganini ko‘rsatadi: rahbar qaror qabul qilmasa, davlat ham qimirlay olmaydi. Va bu holat Suriya kelajagi uchun og‘riqli saboq: endi eng asosiysi — yangi bosqichda qon to‘kilishi kamayib, odamlar hayotiga tinchlik qaytsin. Shunisi aniq: tarixda ba’zan bir rejimni tank emas, sukut ham yengadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!