Pokiston tunda Afg‘oniston sharqida havo hujumi uyushtirdi — rasmiylar

21 fevral kuni tunda Pokiston harbiy aviatsiyasi Afg‘onistonning sharqiy hududlarida jangarilarga qarshi havo zarbalarini amalga oshirdi.
Pokiston tomoni bu amaliyotlar razvedka ma’lumotlariga tayangan holda, aniq nishonlarga qaratilganini bildirgan. Shu bilan birga, Kobul rasmiylari ushbu hujumlarga nisbatan keskin e’tiroz bildirdi.
Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, zarbalar Tehriki Tolibon Pakistan (TTP) hamda unga aloqador tuzilmalarga qarshi yo‘naltirilgan. Pokiston hukumati ushbu guruhlar mamlakat hududida so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan xavfli hujumlar ortida turgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Pokiston, jumladan Islomoboddagi axborot idoralari bu harakatlarni mamlakat xavfsizligini ta’minlash chorasi sifatida izohlab, xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Afg‘oniston tomoni esa hujumlar oqibatida tinch aholi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 17 kishi vafot etgan.
Afg‘on rasmiylari zarba Bihsud tumanidagi uylarga berilganini, bir nechta oila a’zolari, shu jumladan 12 nafar bola va o‘smir halok bo‘lganini bildirdi. Voqea oqibatida ko‘plab insonlar jarohat olgan, turar-joylar vayron bo‘lgani aks etgan foto va videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.
Shuningdek, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi hujumni qoralab, Pokistonga munosib va o‘z vaqtida javob qaytarilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!