“El Mencho” jasadi qabristonga oltin tobutda olib kelindi

Meksikaning “Xalisko yangi avlod karteli” rahbari, “El Mencho” laqabi bilan tanilgan Ruben Osegera Servantesning jasadi Xalisko shtati Sapopan munitsipalitetidagi qabristonga oltin tobutda olib kelindi, deb El Universal gazetasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, motam korteji 2-mart kuni Xalisko shtati poytaxti Gvadalaxara shahridagi dafn marosimlari byurosidan yo‘lga chiqqan. Qabristonga yetib kelganda katafalkni orkestr kuzatib borgani qayd etilgan.
Dafn marosimi yopiq tarzda o‘tkazilgan. Nashrga ko‘ra, jasadni tashish va dafn qilish jarayoni kuchaytirilgan xavfsizlik choralari bilan birga amalga oshirilgan.
Kortej yo‘nalishi hamda “Resinto de la Pas” qabristoni hududi federal va mintaqaviy kuch tuzilmalari xodimlari tomonidan qo‘riqlangan. Shuningdek, dafn byurosi oldida harbiylar va zirhli texnika navbatchilik qilgani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Meksika Milliy mudofaa vazirligi 22-fevral kuni “Xalisko yangi avlod karteli” rahbari Ruben Osegera Servantes yo‘q qilinganini e’lon qilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!