Millionlab dollar va oltin: Vengriya va Ukraina o‘rtasida mojaro (video)

Yevropaning markazida haqiqiy detektiv filmlarni eslatuvchi voqea sodir bo‘ldi. Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi siyosiy keskinlik endi "millionlab dollarlik" mojaroga aylandi. Budapeshtda Ukraina davlat bankining inkassatorlari katta miqdordagi naqd pul va oltin bilan hibsga olindi. Zamin.uz ushbu shov-shuvli voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
5-mart kuni Ukrainaning «Oshchadbank» davlat bankiga tegishli ikkita avtomobil Vengriya hududida to‘xtatildi. Mashinalar ichidagi yuk esa har qanday odamni hayratga soladigan darajada edi.
Mashinalarda nima bor edi?
Vengriya kuch tuzilmalari tomonidan musodara qilingan mablag‘lar miqdori quyidagicha: avtomobillarda 40 million AQSH dollari, 35 million yevro va to‘qqiz kilogramm oltin bo‘lgan.
«Oshchadbank» vakillarining ta’kidlashicha, bu mablag‘lar Avstriyaning Raiffeisen Bank banki bilan kelishuv doirasida qonuniy tashilayotgan bo‘lgan. Biroq Vengriya tomoni bunga shubha bilan qaramoqda.
"Davlat terrorizmi"mi yoki "pul yuvish"?
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Vengriyani o‘z fuqarolarini "garovga olish" va mablag‘larini "o‘g‘irlash"da aybladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlar "davlat terrorizmi va reket"ning o‘zginasidir.
Bunga javoban Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto juda og‘ir savollarni o‘rtaga tashladi:
"Nega banklar o‘zaro hisob-kitobni pul o‘tkazmasi orqali emas, balki naqd pul ko‘rinishida, ayniqsa Vengriya orqali amalga oshirmoqda? Bu mablag‘lar Ukraina harbiy mafiyasiga tegishli emasmi?"
Siyyartoning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda ukrainaliklar Vengriya orqali jami 900 million dollar, 420 million yevro va 146 kilogramm oltin olib o‘tgan.
Siyosiy o‘yin: Neft va 90 milliard yevro
Ushbu mojaro shunchaki pul tashish bilan bog‘liq emas. Uning zamirida bir nechta muhim omillar yotibdi:
- "Drujba" quvuri: Yanvar oyidan beri Ukraina orqali Vengriyaga keladigan Rossiya nefti to‘xtab qolgan. Budapesht buni Kiyevning atayin qilgan ishi deb hisoblaydi.
- 90 milliardlik kredit: Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratmoqchi bo‘lgan ulkan kreditiga to‘sqinlik qilmoqda.
- Zelenskiyning tahdidi: Ukraina prezidenti kreditni to‘sib turgan shaxsning (Orban nazarda tutilgan) manzilini harbiylarga berish bilan tahdid qildi. Yevrokomissiya bunday so‘zlarni "nomaqbul" deb atadi.
Sirli general va mayor
Vengriya bojxona xizmati xabariga ko‘ra, qo‘lga olingan yetti nafar ukrain fuqarosi orasida Ukraina Xavfsizlik xizmatining (SBU) sobiq generali va Harbiy-havo kuchlarining sobiq mayori ham bo‘lgan. Bu esa operatsiyaning oddiy bank transaksiyasi emasligi haqidagi gumonlarni yanada kuchaytirmoqda. Hozirda mablag‘lar musodara qilingan, shaxslar esa mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Kiyev endi o‘z fuqarolariga Vengriyaga bormaslikni tavsiya qilmoqda, chunki u yerda "xavfsizlik kafolatlanmagan".
Sizningcha, bu vaziyatda kim haq? Ukrainaning millionlab naqd pulni tashishi shubhalimi yoki Vengriyaning ularni musodara qilishi haqiqatan ham "reket"mi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!