Rossiya Ukraina bo‘ylab tungi yopirilma zarba berdi: qurbonlar ko‘paydi

Foto: Pavlo Pakhomenko / NurPhoto / Getty Images
7 martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab raketa va dronlar bilan keng ko‘lamli yopirilma zarba yo‘lladi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya tomonidan 480 ta dron, ikkita gipertovushli raketa, 13 ta ballistik raketa va 14 ta qanotli raketa uchirilgan. Asosiy zarbalar Kiyev, Xarkiv, Jitomir, Xmelnitskaya va Chernovitskaya oblastlariga to‘g‘ri kelgan.
Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari hujumni qaytarishga urinib, 453 ta dronni zararsizlantirganini, shuningdek sakkizta ballistik raketa va 11 ta qanotli raketani urib tushirganini bildirdi. Shunga qaramay, ayrim raketalar nishonga yetib borgani, oqibatda tinch aholi va infratuzilmaga og‘ir zarar yetgani qayd etilmoqda.
Xarkivda turar joyga raketa urildi
Ma’lum qilinishicha, ballistik raketalardan biri Xarkiv shahrining Kiyev rayonida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib urilgan. Zarba oqibatida binodagi podyezd vayron bo‘lib, qo‘shni uyning yuqori qavatlari ham shikastlangan.
Xarkiv shahri meri Igor Terexov avval boshda qurbonlar soni sakkiz nafar ekanini bildirgan. Biroq qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yana to‘rt kishining jasadi topilgan va halok bo‘lganlar soni 11 nafarga yetgan. Terexovning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar orasida 6-sonli litseyning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va uning o‘g‘li, shuningdek 16-sonli litseyning 8-sinf o‘quvchisi va uning onasi ham bor.
Kiyevda issiqlik ta’minoti uzildi
Tungi hujum vaqtida Kiyev ham zarbalar ostida qolgan. Poytaxt meri Vitaliy Klichko ma’lum qilishicha, kritik infratuzilmalar zararlangani sabab Pechersk, Dniprovsk, Goloseevskiy va Solomenskiy rayonlarida 1905 ta uy issiqlik ta’minotisiz qolgan. Hozircha issiqlik ta’minoti tiklanmagan uylar ham hisobga olinganda, Kiyevda jami 2700 uy issiqliksiz qolmoqda.
Zelenskiy energetikaga zarbalarni qayd etdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya zarbalari tunda Kiyev, Xmelnitskaya va Chernovitskaya oblastlarining energetika infratuzilmasiga yo‘naltirilganini aytdi. Shuningdek, Dnipropetrovsk, Zaporijj, Vinnitsa, Odessa, Poltava, Sumi, Cherkass oblastlarida ham shikastlanishlar qayd etilgan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, bunday zarbalarga “hamkorlar tomonidan albatta javob bo‘lishi kerak” va Rossiyaning uy-joylar hamda muhim infratuzilmani yo‘q qilishga qaratilgan urinishlari to‘xtamagan ekan, qo‘llab-quvvatlash ham uzilmasligi lozim.
Xulosa qilib aytganda, 7 martga o‘tar kechasi berilgan zarbalar Ukrainada ham tinch aholi, ham shahar infratuzilmasi uchun yana bir og‘ir sinovga aylandi. Eng alamlisi — vayrona va sovuq orasida qolgan uylar, yo‘qotilgan hayotlar, uzilgan oddiy hayot tartibi. Endi esa qidiruv-qutqaruv, tiklash ishlari va xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilishi kutiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!