AQSh Rossiyani Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini bermaslikka chaqirdi

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiyani Eronga Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy obyektlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini bermaslikka chaqirdi. U bu haqda prezident Donald Tramp samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida ma’lum qilgan.
Uitkoffning aytishicha, agar Moskva Tehronga qandaydir yordam ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham, bu sezilarli natija bermayotgani ko‘rinmoqda. U so‘nggi haftadagi voqealarni misol qilib keltirib, Eron ma’lumot olayotgan bo‘lsa ham, bundan amaliy foyda ko‘rmayotganini ta’kidlagan.
Donald Tramp esa Rossiyaning mojaro atrofidagi ehtimoliy roliga munosabat bildirib, AQSh Eronning harbiy salohiyatini allaqachon izdan chiqarganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehronga uzatilishi mumkin bo‘lgan har qanday axborot ham endi katta ahamiyat kasb etmaydi.
Avvalroq CNN o‘z manbalariga tayanib, Rossiya Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obyektlari haqida ma’lumot berayotgani yuzasidan xabar tarqatgan edi. Aynan shu fonda Vashingtondan yangragan bayonotlar Moskva va Tehron o‘rtasidagi ehtimoliy hamkorlik masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!