Tramp neft qimmatlashuvini tinchlik uchun kichik to‘lov deb atadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan neft narxlarining keskin oshishiga munosabat bildirdi. U Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu holatni xavfsizlik va tinchlik yo‘lidagi “juda kichik to‘lov” deb baholadi.
Trampning yozishicha, Eronning yadroviy tahdidi bartaraf etilgach, neft narxlaridagi bu qisqa muddatli o‘sish ham tez orada pasayadi. Uning fikricha, yuzaga kelgan qimmatlashuv AQSh va butun dunyo xavfsizligi bilan solishtirganda katta masala emas.
Reuters xabariga ko‘ra, 9 mart, dushanba kuni bozorlar ochilishi bilan Brent markali neft fyucherslari qariyb 20 foizga oshib, bir barreli 111,04 dollargacha yetgan. Shu bilan birga, WTI markali neft narxi ham 16,8 foizga ko‘tarilib, 106,17 dollarga chiqqan. Taqqoslash uchun, 28 fevraldan oldin neftning bir barreli taxminan 70 dollar atrofida bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, bozordagi asosiy xavotir Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq muddatga to‘silib qolishi ehtimoli bilan bog‘liq. Chunki odatiy sharoitda dunyodagi neft hajmining qariyb 20 foizi aynan shu yo‘lak orqali tashiladi. Bundan tashqari, Qatar suyultirilgan tabiiy gazining asosiy qismi ham shu hudud orqali o‘tadi.
Qayd etilishicha, bu 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyingi davrda kuzatilgan eng keskin neft narxi o‘sishlaridan biri bo‘ldi. O‘sha paytda ham jahon bozorida neft narxi 100 dollardan ancha yuqoriga ko‘tarilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!