"Roma" futbolchisi uyiga bosqin: qurolli o‘g‘irlik sodir bo‘ldi

Seshanbaga o‘tar kechasi Italiyada noxush voqea yuz berdi — “Roma” klubining marokashlik yarimhimoyachisi Neyl El Aynaui yashaydigan uyga qora kiyimdagi olti nafar noma’lum shaxslar bostirib kirdi. Bu haqda mahalliy nashr — Messaggero xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, qurollangan bosqinchilar uyga derazalar orqali kirib kelgan. Ular to‘pponcha bilan tahdid qilib, 24 yoshli futbolchi, uning onasi, akasi, qiz o‘rtog‘i hamda akasining qiz o‘rtog‘ini bir xonaga qamab qo‘yishgan. Voqea juda qisqa vaqt ichida, ammo katta xavf va qo‘rquv bilan kechgani ta’kidlanmoqda.
Jinoyatchilar uydan taxminan 10 ming yevro qiymatidagi zargarlik buyumlari, qimmatbaho soatlar va dizaynerlik sumkalarini olib chiqib ketishgan. Hozircha gumonlanuvchilarni qo‘lga olish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Neyl El Aynaui “Roma” safiga 2025-yil yozida Fransiyaning “Lans” klubidan kelib qo‘shilgan edi. U joriy mavsumda 36 ta o‘yinda ishtirok etib, 1 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Ushbu hodisa futbolchilar xavfsizligi masalasi yanada jiddiy e’tibor talab qilayotganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!