Ukrainaga ommaviy hujum: yuzlab dron va raketa ishga tushirildi

Ukraina hududida yana keskin vaziyat yuzaga keldi — Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan keng ko‘lamli havo hujumi amalga oshirilmoqda. Mahalliy ommaviy axborot vositalari va monitoring kanallari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishdan uyushtirilgan.
24 martga o‘tar kechasi boshlangan ushbu hujum davomida yuzlab uchuvchisiz uchish apparatlari va turli turdagi qanotli hamda ballistik raketalar ishga tushirilgani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, oltita yo‘nalishdan zarba beruvchi dronlar parvozi qayd etilgan bo‘lib, bu hujumning miqyosi juda katta ekanini ko‘rsatadi.
Tahminlarga qaraganda, tun davomida strategik bombardimonchi samolyotlar — Tu-95MS va Tu-160 orqali X-101 turidagi qanotli raketalar qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, “Iskander-M” ballistik raketalari, “Kalibr” dengiz qanotli raketalari, “Iskander-K” hamda boshqa yuqori aniqlikdagi qurollar ishlatilishi ehtimoli yuqori baholanmoqda. Ayrim manbalar gipertovushli “Kinjal” va “Sirkon” raketalari ham qo‘llanilishi mumkinligini qayd etmoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bundan bir kun oldin xalqqa murojaat qilib, havo trevogasi signallariga jiddiy e’tibor berishga chaqirgan edi. Uning ta’kidlashicha, razvedka ma’lumotlari Rossiya tomoni yirik zarbaga tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rsatgan.
Avvalroq ayrim kuzatuv manbalari Kiyev va mamlakatning g‘arbiy hududlari, jumladan, muhim infratuzilma obyektlari nishonga olinishi mumkinligini bildirgan edi. Shuningdek, Rossiya strategik aviatsiyasiga tegishli bir nechta samolyotlar Kola yarim orolidagi aerodromdan havoga ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Hozircha rasmiy idoralar tomonidan to‘liq va aniq ma’lumot berilmagan. Biroq vaziyatning keskinlashgani, havo hujumlari ko‘lami kengaygani va xavf darajasi yuqori ekani ayon. Ekspertlar fikricha, bu kabi ommaviy zarbalar urushning yangi bosqichga o‘tayotganidan darak berishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!