Ispaniya bosh vaziri oilasi atrofidagi korrupsiya ishi kuchaymoqda

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning rafiqasi Begonya Gomes ikki yil davom etgan tergovdan so‘ng korrupsiyaga oid bir qator og‘ir ayblovlar bilan yuzlashdi. Bu haqda 13 aprel, dushanba kuni AFP agentligi xabar berdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 55 yoshli Gomes taʼsir kuchidan noqonuniy foydalanish, biznesda korrupsion harakatlar, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish hamda samarasiz sarflash kabi moddalar bo‘yicha ayblanayotgani maʼlum qilindi. U haqidagi dastlabki tergov 2024 yil aprel oyida sudya Xuan Karlos Peynado tashabbusi bilan boshlangan edi.
Tergov jarayonida asosiy eʼtibor Begonya Gomesning shaxsiy loyihasiga — Madriddagi Komplutense universitetida tashkil etilgan “Raqobatbardosh ijtimoiy transformatsiya” kafedrasiga qaratilgan. Mutaxassislar fikricha, ushbu nom va mazmun jihatdan noaniq bo‘lgan kafedra amalda katta ehtiyojsiz ochilgan bo‘lib, uni yo‘lga qo‘yishda universitet rahbariyatiga bosim o‘tkazilgani ham taʼkidlanmoqda. Keyinchalik ushbu loyiha “na ilmiy, na amaliy qiymatga ega” deb topilib, yopilgan.
2024 yil oktyabrda tergov yana-da kengaydi. Bu safar o‘ta o‘ng qarashdagi Hazte Oír tashkiloti tomonidan berilgan daʼvo asosida Gomesning Madrid Komplutense universitetiga tegishli dasturiy resurslarni noqonuniy o‘zlashtirgani haqida gumonlar ilgari surildi.
Shuningdek, unga nisbatan yana bir ayblov — davlat maoshi oluvchi amaldor Kristina Alvaresni shaxsiy biznes va loyihalarida noqonuniy ravishda yordamchi sifatida ishlatgani haqidagi holat ham tergov doirasiga kiritilgan.
Begonya Gomes ham, bosh vazir Pedro Sanches ham barcha ayblovlarni qatʼiyan rad etmoqda. Sanches ushbu tergovni o‘ng qanot muxolifati tomonidan hukumatga bosim o‘tkazish va siyosiy beqarorlik yaratishga qaratilgan harakat sifatida baholagan.
AFP taʼkidlashicha, bosh vazir atrofidagi korrupsiya ishi uni katta siyosiy bosim ostiga qo‘ymoqda va muxolifat uning isteʼfosini talab qilishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!