Xitoylik erkak chumoli sabab bir yilga qamaldi

Keniyaда tirik chumolilarni noqonuniy ravishda mamlakatdan olib chiqishga uringan Xitoy fuqarosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. 15 aprel kuni chiqarilgan qarorga ko‘ra, Zhang Kechun 1 million keniya shillingi (taxminan 7746 dollar) jarima to‘laydi hamda 12 oy qamoq jazosini o‘taydi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Sud jarayonida ta’kidlanishicha, mamlakatda chumoli kontrabandasi bilan bog‘liq holatlar ko‘payib bormoqda. Shu sababli sudya bunday ishlar boshqalarga saboq bo‘lishi uchun qattiq jazo zarurligini aytdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu noqonuniy savdo asosan Xitoy kabi bozorlarga yo‘naltirilgan. U yerda ekzotik hasharotlarga qiziquvchilar chumolilarni maxsus shaffof idishlarda — formikariumlarda saqlashadi va ularning xulq-atvorini kuzatishadi.
Bunday koloniyalar juda qimmat baholanadi. Hatto har bir chumoli 220 dollargacha sotilayotgan holatlar ham qayd etilgan.
Zhang Kechun mart oyida Nayrobi xalqaro aeroportida qo‘lga olingan. Tekshiruv vaqtida uning bagajidan 2200 dan ortiq tirik chumoli topilgan.
Dastlab u ayblovlarni rad etgan, keyin esa aybini tan olgan. Uning advokati hukm ustidan shikoyat qilishini bildirgan.
Sudya Irene Gichobi ta’kidlashicha, biokontrabandaning yangi ko‘rinishi ayniqsa kichik jonzotlar orqali ham tabiatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Shu ish bilan bog‘liq holda keniyalik Charles Mwangi ham gumonlanmoqda. U hozircha garov evaziga ozodlikda.
Ekspertlar aytishicha, so‘nggi yillarda kontrabanda faqat fil suyagi kabi yirik hayvonlar bilan emas, balki mayda jonzotlar bilan ham bog‘liq holatlarga aylanib bormoqda — bu esa ekologik xavfni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!