«Yuqori daromad ortida katta mas’uliyat turadi» – Toshkentdan turib Amerika yo‘llarini boshqargan dispetcher Yusufxo‘ja Maxamadxo‘jayev hikoyasi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 22 yoshli Yusufxo‘ja Maxamadxo‘jayev Toshkentdan turib AQSh yuk tashish bozorida faoliyat yurituvchi eng yuqori daromadli dispetcherlardan biriga aylandi.
- 2021-yilda o‘qish kontraktini to‘lash maqsadida ish boshlagan yigit, vaqt o‘tishi bilan oylik daromadini 100-140 million so‘mgacha yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
- U o‘z muvaffaqiyatini ingliz tilini bilish, muzokara olib borish, moliyaviy hisob-kitob va jamoani boshqarish ko‘nikmalari bilan izohlaydi.
2021-yil. 17 yoshli Yusufxo‘ja Maxamadxo‘jayev Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga kirdi. Qabul xati qo‘lda, endi ko‘ndalang savol turardi: yillik qariyb 3 ming dollarlik kontraktni kim to‘laydi? Ilgari bunday pulni o‘zi ishlab topmagan yigit uchun bu juda katta summa edi.
Besh yil ichida esa o‘sha yigitning oylik daromadi 100 million, ayrim davrlarda hatto 140 million so‘mga (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 8,3–11,6 ming dollar) yetdi. Bu – uning birinchi maoshidan 30 barobardan ham ko‘p. Bugun 22 yoshli Yusufxo‘ja Toshkentdan turib AQSh yuk tashish bozoriga xizmat ko‘rsatayotgan, logistika sohasidagi eng yuqori daromadli dispetcherlardan biri.
Zamin.uz Yusufxo‘janing 17 yoshida boshlangan tungi smenalari, daromadi o‘sishiga turtki bo‘lgan ko‘nikmalar va o‘z logistika maktabini ochish rejasi bilan qiziqdi.
Ertalab to‘qqizdan kechki oltigacha
Yusufxo‘ja Toshkent shahrida tug‘ilgan. Olti yoshida Sehriyo maktabiga boradi va 11-sinfgacha shu yerda o‘qiydi. Bu maktab o‘sha paytda poytaxtdagi ilk xususiy, pullik maktablardan biri edi: darslar ertalab soat 9:00 dan kechki 18:00 gacha davom etardi.
«Bu tartib menga vaqtni qadrlashni, intizomli bo‘lishni va boshlagan ishimni oxiriga yetkazishni o‘rgatgan. Yoshligimdan oilamga tayanch bo‘lishni xohlaganman, qarorlarni o‘zim qabul qilib, ular uchun javobgarlikni his qilishga o‘rganganman», – deydi u.
Bolalikda shakllangan bu mustaqillik keyinchalik kutilmagan vaziyatlarga to‘la kasbda uning eng kuchli qurollaridan biriga aylanadi.

3 ming dollarlik savol
«Oilamizning sharoiti o‘rtacha edi: zarur narsalarimiz bor edi, lekin katta xarajatlarni oldindan rejalashtirish kerak bo‘lardi», – deya eslaydi Yusufxo‘ja.
Yechimni do‘stlaridan biri taklif qiladi. Uning ingliz tilini yaxshi bilishini bilgan do‘sti shu bilimidan foydalanib logistika sohasida ish izlashni maslahat beradi. O‘sha yillari Toshkentda AQSh yuk tashish kompaniyalari bilan ishlaydigan jamoalar ko‘payib, ingliz tilini biladigan yoshlar shu yo‘nalishga kirib kelayotgan edi.
«Dastlabki turtki do‘stimning maslahatidan kelgan, lekin ish boshlash va shu yo‘lda davom etish qarorini o‘zim qabul qilganman. Avvaliga maqsad kontraktni to‘lash va oilamga tushadigan yukni yengillashtirish edi. Keyin logistikaning o‘zi qiziqtira boshladi: har kuni yangi vaziyat, yangi muammo va uni hal qilish imkoniyati bor edi», – deydi qahramonimiz.
Shu tariqa o‘qish puli uchun boshlangan ish asta-sekin kasbga aylanadi.
Kechki beshdan tungi uchgacha
Ilk ish kunlari oson kechmaydi. Ma’lum bo‘ladiki, tilni bilish boshqa, undan haydovchilar va brokerlar bilan jonli ish jarayonida foydalanish boshqa ekan.
Eng og‘iri esa vaqt edi. Jamoa AQSh vaqti bilan ishlardi: Toshkentda smena kechki soat beshda boshlanib, tungi uchgacha davom etardi. Ertalab soat to‘qqizda esa universitetda bo‘lish kerak edi.
«Uch-to‘rt soat uxlagan kunlarim ham, deyarli uxlamasdan darsga borgan paytlarim ham bo‘lgan. Charchardim, ba’zan darsda diqqatni jamlash qiyin bo‘lardi. Lekin nima uchun boshlaganimni eslab turardim: o‘qishni davom ettirish, kontraktni to‘lash, mustaqil bo‘lish», – deydi u.
Shunday kun tartibida ham u sport zalini tashlamagan: mashg‘ulotlar ish bosimidan chiqishga yordam berardi. Vaqt o‘tib, yana bir haqiqatni anglaydi: uzoq muddat samarali ishlash uchun dam olishni ham rejaning bir qismiga aylantirish kerak.

3 milliondan 140 milliongacha
Yusufxo‘janing birinchi oylik maoshi 3 million so‘m bo‘lgan. O‘sha paytdagi kurs bo‘yicha bu 300 dollarga ham yetmasdi, lekin 17 yoshli talaba uchun mustaqil hayot sari muhim qadam edi. Tajriba va mas’uliyat ortgani sari daromad ham o‘sib boradi.
«Bu natijaga birdaniga erishmaganman. Ingliz tili sohaga kirish imkonini bergan bo‘lsa, keyingi o‘sishim ishning o‘zini chuqur o‘rganishimga bog‘liq bo‘lgan: bozorni tushunish, foydali yuklarni olish, xarajatlarni hisoblash va brokerlar bilan ishonchli munosabat o‘rnatish», – deydi u.
Uning aytishicha, daromadi o‘sishiga eng ko‘p uchta ko‘nikma ta’sir qilgan: muzokara, moliyaviy hisob-kitob va jamoani boshqarish. Muzokarada esa gap chiroyli so‘zda emas, dalilda: brokerga mashina qayerdaligini, haydovchining imkoniyatini va yukni belgilangan vaqtda yetkazib bera olishingizni aniq tushuntira olish kerak. Ishonch esa va’da bajarilgandan keyin shakllanadi.
Stressga chidamlilikni esa u shunchaki bosimga chidash deb bilmaydi: «Qiyin vaziyatda hissiyotga berilmay, ustuvor vazifani aniqlash va to‘g‘ri harakat qilish kerak. Shoshilib aytilgan bitta gap haydovchi bilan munosabatga ham, mijozning ishonchiga ham ta’sir qilishi mumkin».
Burilish nuqtasi – ko‘proq mas’uliyat olish qarori bo‘ldi. Yusufxo‘ja faqat o‘z ishini bajarish bilan cheklanmay, xodimlarni yo‘naltirish va jamoaning umumiy natijasi uchun javob berishga o‘tadi. 2021-yildan 2026-yil sentabrigacha ishlagan kompaniyasida jamoa xizmat ko‘rsatadigan yuk mashinalari soni 50 tadan 150 taga yetdi. Bu davr unga muhim saboq ham bergan: rahbarning kuchi ishni o‘zi bajarishda emas, vazifani to‘g‘ri taqsimlash va odamlarga ishonch bildirishda.
«Albatta, bu butun jamoaning mehnati. Men ishni muvofiqlashtirish, xodimlarni boshqarish va ortib borayotgan hajmni nazorat qilish orqali hissa qo‘shganman. Men uchun asosiy savol doim bitta bo‘lgan: kompaniyaga qanday foyda keltiryapman? Chunki yuqori daromad ortida aniq natija, ishonch va katta mas’uliyat turadi. Avvalo natijalarimni yaxshilashga e’tibor berganman, daromad esa shu bilan birga o‘sib borgan».
Bir necha qadam oldinni ko‘rish
Tashqaridan dispetcherning ishi yuk topib, haydovchiga manzil yuborishdek ko‘rinadi. Yusufxo‘janing aytishicha, aslida har bir tashuv ortida murakkab hisob-kitob turadi.
«Yuqori narx taklif qilingan yuk har doim ham foydali bo‘lavermaydi. Mashina yuk olish joyigacha qancha bo‘sh yuradi, yoqilg‘iga qancha ketadi, ortish va tushirishga qancha vaqt sarflanadi, yetkazib bergach o‘sha hududdan keyingi yukni topish mumkinmi – bularning barchasini oldindan baholash kerak. Bitta noto‘g‘ri qaror keyingi bir necha kunlik ishga ta’sir qiladi», – deya tushuntiradi u.
Reja doim ham kutilgandek ketmaydi: mashina buziladi, omborda kutish cho‘ziladi, yetkazish vaqti o‘zgaradi. Bunday paytda dispetcher tez qaror qilishi, mijozni o‘z vaqtida xabardor qilishi, haydovchining xavfsizligi va qonuniy ish vaqti chegaralarini ham unutmasligi kerak. Business and Financial Management yo‘nalishida olgan bilimlari aynan shu yerda asqatadi: universitet qarorlarining sababini tushunishga, amaliyot esa ular uchun javob berishga o‘rgatgan.
«Kuchli dispetcherni oddiysidan ajratib turadigan narsa – bir necha qadam oldinni ko‘ra olish. U faqat bugungi yukni yopmaydi, bu qaror ertangi ishga qanday ta’sir qilishini ham o‘ylaydi. Va’dani o‘ylab beradi, muammoni yashirmaydi, bosim ostida ham xotirjam muloqot qiladi», – deydi qahramonimiz.

2022-yildan beri Yusufxo‘ja 12 ta davlatda bo‘ldi: BAA, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Ispaniya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Italiya, Fransiya, Yaponiya va AQSh. Alp tog‘larida snoubord ham uchdi. Uning uchun sayohat – ham hordiq, ham o‘rganish usuli.
Eng kuchli taassurotni Yaponiya qoldiradi: kundalik hayotdagi tartib, jamoat transportidagi tozalik, odamlarning yonidagilarni ham hisobga olishi. «U yerdan vaqtni va boshqalarning qulayligini yanada ko‘proq qadrlash kerak, degan fikr bilan qaytganman. Katta natija ko‘pincha har kuni kichik vazifalarni puxta bajarishdan boshlanadi», – deydi u.
Yuz nafar shogird va bitta orzu
Yangi xodimlarga tushuntirish berib yurib, Yusufxo‘ja o‘zi boshida qiynalgan masalalarda boshqalarga yordam bera olishini ko‘radi. Shu tariqa u taxminan 100 nafar o‘quvchini logistika kasbiga tayyorlaydi.
«Shogirdlarga avvalo kasbning mas’uliyatini tushuntiraman. Dispetcherning har bir qarori ortida haydovchining vaqti, kompaniyaning xarajati va mijozning ishonchi turadi. Meni eng ko‘p quvontiradigan narsa – boshida har bir qadamni so‘rab bajargan o‘quvchining keyinchalik vaziyatni o‘zi tahlil qilib, asosli yechim taklif qila boshlashi».
Endi uning oldida yangi marra bor. Kelgusi 5–10 yilga mo‘ljallangan rejalari orasida o‘z logistika maktabini ochish, yoshlarni noldan AQSh yuk tashish kompaniyalari bilan ishlashga tayyorlash va eng yaxshi bitiruvchilarni o‘zi ishlayotgan hamda hamkor kompaniyalarga jalb qilish bor.
«Bizda qobiliyatli, ingliz tilini biladigan, ishlashga tayyor yoshlar juda ko‘p, lekin ayrimlari nimadan boshlashni bilmaydi. Bir paytlar do‘stimning maslahati menga yangi yo‘l ochgan. Endi men ham boshqalarga shunday yo‘l ko‘rsatmoqchiman».
Reklama huquqi asosida

























Izohlar 0
…