Qarshida 21 yoshli qiz operatsiyadan 10 kun o‘tib vafot etdi

Qashqadaryo viloyatida gipofiz bezidagi o‘smani olib tashlash uchun operatsiya qilingan 21 yoshli qiz vafot etdi. U jarrohlik amaliyotidan 10 kun o‘tib hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tekshiruv olib bormoqda.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2005 yilda tug‘ilgan L.M. 14 oktyabr kuni gipofiz adenomasi tashxisi bilan Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasining neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Qiz bir necha yildan beri nafas olishda qiyinchilik, bo‘y o‘sishining sekinlashishi, qo‘l va oyoq barmoqlarining yo‘g‘onlashishi kabi alomatlardan aziyat chekkan. Tibbiy tekshiruvlar natijasida gipofiz bezida katta o‘sma borligi aniqlangan. Gormonal tahlillarda esa o‘sish gormoni miqdori me’yordan ancha yuqori ekani ma’lum bo‘lgan.
16 oktyabr kuni Toshkentdan kelgan mutaxassis ishtirokida burun orqali endoskopik usulda o‘smani olib tashlash operatsiyasi o‘tkazilgan. Amaliyotdan keyin bemor shifokorlar nazoratida qolgan.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berishicha, 19 oktyabr kuni o‘tkazilgan tekshiruvda asoratlar aniqlanmagan. Biroq 20 oktyabr kuni bemorning ahvoli to‘satdan og‘irlashgan. Unda qon bosimi ko‘tarilishi, hushning buzilishi, nafas olish va yurak faoliyati bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.
Shifokorlar bemorni saqlab qolish uchun intensiv davolash choralarini ko‘rgan. Ammo barcha muolajalarga qaramay, 26 oktyabr kuni 21 yoshli qiz vafot etgan.
Ayni paytda prokuratura organlari tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.






























Izohlar 0
…