Tinch okeanida 100 kun bedarak yo‘qolgan 5 kishi tirik holda topildi

Tinch okeanida 100 kun bedarak yo‘qolgan 5 kishi tirik holda topildi

Tinch okeanida qariyb 100 kun davomida sarson bo‘lgan besh kishi Qiribati orollaridan birida tirik holda topildi. Eng hayratlanarlisi, ular dengizda minglab kilometr masofani bosib o‘tib, o‘z yurtlaridan 5 400 kilometr uzoqlikdagi orolga yetib borgan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 2026 yil 30 iyul kuni boshlangan. Mikroneziyaning Chuuk shtatida yashovchi to‘qqiz nafar oila a’zosi Murilo va Ruo orollari o‘rtasidagi odatiy, taxminan bir soatlik qayiq sayohatiga yo‘l olgan. Biroq yo‘lda kuchli bo‘ron boshlanib, ularning qayig‘ini ochiq okeanga olib ketgan. Oqibatda qayiq yoqilg‘isiz qolib, oqim bo‘ylab uzoq masofaga suzib ketgan.

Qayiq belgilangan manzilga yetib bormagach, AQSH sohil qo‘riqlash xizmati qidiruv ishlarini boshlagan. Qariyb 10 kun davomida 85 ming kvadrat kilometrdan ortiq okean hududi tekshirilgan bo‘lsa-da, ulardan darak topilmagan. Keyinchalik qidiruv to‘xtatilgan.

Oradan qariyb uch oy o‘tib, 1 noyabr kuni Qiribatidagi Fanning oroli aholisi dengizda suzib kelayotgan qayiqni ko‘rib qolgan. Uning ichida uch nafar katta yoshli erkak va ikki nafar o‘smir bo‘lgan. Mahalliy aholi ularni qutqarib, tibbiy yordam ko‘rsatgan. Ma’lum bo‘lishicha, to‘qqiz kishidan iborat guruhning faqat besh nafari omon qolgan, to‘rt nafari esa safar davomida vafot etgan.

Qutqarilganlarning ahvoli ancha og‘ir bo‘lgan: ular kuchli suvsizlanish va oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekkan. Shifokorlar ularga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatib, tomir orqali suyuqlik yuborishgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshilanayotgani aytilmoqda.

Mikroneziyaning Chuuk shtati gubernatori Aleksandr Narrunn tirik qolganlarni vataniga qaytarish uchun Qiribati hukumati bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan.

Manbalarga ko‘ra, omon qolganlar qariyb uch oy davomida ochiq okeanda qolib ketgan. Ularning qanday qilib bunday og‘ir sharoitda yashab qolgani esa voqeaning eng hayratlanarli jihatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar