34 yildan so‘ng muzlikdan ikki alpinist jasadi topildi

Shveysariya Alp tog‘larida 34 yil avval bedarak yo‘qolgan ikki belgiyalik alpinistning jasadi topildi. Ularga tegishli qoldiqlar muzlikning erishi ortidan muz ostida qolgan joyidan yuzaga chiqqan. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 26 iyul kuni Shveysariyaning Italiya chegarasiga yaqin, Vale kantoni hududida joylashgan Trift muzligida sayyoh ikki kishining jasadiga duch kelgan.
Topilgan qoldiqlar shaxsini aniqlash va ekspertiza o‘tkazish maqsadida Sion shahridagi Vale kasalxonasining sud-tibbiyot institutiga yuborilgan.
O‘tkazilgan DNK tahlili natijasida jasadlar 1992 yilda Vaysmic hududida bedarak yo‘qolgan ikki alpinistga tegishli ekani tasdiqlangan. Ular g‘oyib bo‘lgan vaqtda 39 va 41 yoshda bo‘lgan.
O‘nlab yillik sir DNK orqali ochildi
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Vale kantoni 1925 yildan beri bedarak yo‘qolgan shaxslar ro‘yxatini yuritib keladi. Ushbu ro‘yxatga kiritilganlarning aksariyati baland tog‘lar va daryolar hududida bedarak yo‘qolgan.
Yillar davomida ayrim shaxslarning taqdiri noma’lumligicha qolib ketgan. Biroq so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi va haroratning ko‘tarilishi natijasida tog‘lardagi muzliklar chekina boshlagani tufayli o‘nlab yillar avval yo‘qolgan odamlarning jasadlari va qoldiqlari asta-sekin yuzaga chiqmoqda.
Mutaxassislar muzliklarning erishi natijasida ilgari qalin muz qatlami ostida qolib ketgan inson qoldiqlari tobora ko‘proq ochilib qolayotganini qayd etmoqda.
Shu tariqa, 34 yil avval bedarak yo‘qolgan ikki alpinistning taqdiri ham muzlikning chekinishi va zamonaviy DNK ekspertizasi yordamida nihoyat aniqlandi.






























Izohlar 0
…