Kana chaqishi sababli yuzaga kelgan go‘sht allergiyasi ilk bor o‘limga olib keldi

Kana chaqishi sababli yuzaga kelgan go‘sht allergiyasi ilk bor o‘limga olib keldi

Avstraliyada sodir bo‘lgan ayanchli voqea olimlar va shifokorlarni kana chaqishi orqali kelib chiqadigan kam uchraydigan, ammo o‘ta xavfli allergiya haqida yana bir bor jiddiy ogohlantirishga undamoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur kasallik o‘z vaqtida aniqlanmasa, hayot uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Mayfanvi Uebb besh yil avval o‘g‘li Jeremining tug‘ilgan kunini nishonlagan kunni haligacha og‘riq bilan eslaydi. Bayram dasturxonidan so‘ng 15 yoshli o‘smirning nafas olishi qiyinlashib, u qusa boshlaydi. Oila tez yordam chaqirib, uni shifoxonaga olib boradi. Shifokorlar dastlab go‘sht allergiyasidan gumon qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik holatni bolaligidan mavjud bo‘lgan astma bilan bog‘lab, Jeremini uyiga javob berishadi.

Ona bugun o‘sha qarordan qattiq afsuslanishini aytadi. Uning fikricha, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilganida, o‘g‘lida hayot uchun xavfli anafilaksiya rivojlangani aniqlanishi va unga maxsus EpiPen in’eksiyasi tavsiya qilinishi mumkin edi.

Oradan bir yil o‘tib, 2022 yil iyun oyida Jeremi do‘stlari bilan dam olish vaqtida mol go‘shtidan tayyorlangan sosiska iste’mol qilgach vafot etdi. Dastlab o‘lim sababi astma deb qayd etildi. Biroq oila talabiga ko‘ra o‘tkazilgan qo‘shimcha tergovdan so‘ng sud-tibbiy ekspertiza uning o‘limiga kana chaqishi oqibatida yuzaga kelgan Alpha-gal sindromi, ya’ni sutemizuvchi hayvonlar go‘shtiga allergiya sabab bo‘lganini tasdiqladi. Bu dunyoda mazkur sindrom tufayli qayd etilgan ilk o‘lim holati sifatida e’tirof etildi.

Mutaxassislar ma’lum qilishicha, kasallik ilk bor 2007 yilda avstraliyalik allergolog professor Sheril van Nunen tomonidan kana chaqishi bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Shundan buyon tashxis qo‘yilgan bemorlar soni yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa Avstraliyaning sharqiy sohillari va AQSH ushbu allergiyaning asosiy o‘choqlari hisoblanadi.

Olimlarning tushuntirishicha, kana so‘lagi tarkibidagi alfa-gal deb ataladigan shakar molekulasi inson organizmida antitanachalar hosil qiladi. Keyinchalik bu immun tizimining mol, qo‘y, cho‘chqa kabi sutemizuvchi hayvonlar go‘shtiga kuchli allergik reaksiya bilan javob qaytarishiga sabab bo‘ladi.

Kasallikning belgilari yengil toshmalardan tortib qorin og‘rig‘i, qusish, shishlar va hayot uchun xavfli anafilaksiyagacha yetishi mumkin. Eng qiyin jihati esa reaksiya ovqat iste’mol qilinganidan bir necha soat o‘tib paydo bo‘lishi va har doim ham kuzatilmasligidir. Shu bois ko‘p hollarda u astma yoki boshqa kasalliklar bilan adashtiriladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayrim bemorlarda allergiya nafaqat go‘sht, balki jelatin, sut mahsulotlari, lanolin saqlovchi kosmetika vositalari, hatto barbekyu tutuni yoki hayvonlar bilan muloqotdan keyin ham qo‘zg‘alishi mumkin.

So‘nggi yillarda Avstraliyada mazkur kasallikka chalinganlar soni keskin ortib, 2020 yildan buyon har yili o‘rtacha 22 foizga o‘smoqda. Olimlar mamlakatda kamida 5 ming nafar gumon qilinuvchi bemor mavjudligini, haqiqiy ko‘rsatkich esa bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Shifokorlar eng katta xavf allergiyasi borligini bilmaydigan insonlarda ekanini ta’kidlaydi. Chunki ba’zi dori vositalari, vaksinalar yoki tibbiy preparatlar tarkibida ham hayvon mahsulotlari bo‘lishi mumkin va bu kutilmagan og‘ir allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi.

Jeremining onasi bugun o‘g‘lining qismati boshqa insonlar hayotini saqlab qolishiga umid qilmoqda. U shifokorlar bilan hamkorlik qilib, ushbu allergiya haqida xabardorlikni oshirish va tibbiy protokollarni takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.

Mutaxassislar esa aholini kana chaqishidan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. Ular tabiat qo‘ynida yopiq kiyim kiyish, repellentlardan foydalanish, sayrdan keyin tanani sinchiklab tekshirish hamda kana chaqqan taqdirda uni ezmasdan, to‘g‘ri usulda olib tashlashni tavsiya etmoqda. Bunday oddiy ehtiyot choralari kelajakda hayot uchun xavfli allergiyaning oldini olishga yordam berishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar