Gollivudda ulkan oʻzgarish: Paramount kompaniyasi Warner Bros. Discoveryʻni sotib olmoqda

Dunyo koʻngilochar industriyasi tarixidagi eng yirik kelshuvlardan biri amalga oshish arafasida turibdi. Koʻp yillik moliyaviy qiyinchiliklar va milliardlab dollarlik qarzlar iskanjasida qolgan Warner Bros. Discovery (WBD) media giganti oʻz aktivlarini Paramount kompaniyasiga sotishga qaror qildi. Ushbu megakelsuhuv nafaqat Gollivud, balki butun jahon media bozoridagi kuchlar nisbatini butunlay oʻzgartirib yuborishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
WBD uzoq vaqt davomida kabel televideniyesi auditoriyasining kamayishi va striming platformalari oʻrtasidagi shiddatli raqobat tufayli inqiroz yoqasiga kelib qolgan edi. Kompaniya rahbariyati strategik oʻzgarishlar qilish maqsadida oʻz ulushlarini sotuvga qoʻydi. Dastlab bu poygada Netflix yetakchilik qilayotgan edi. Striming giganti Warner Bros. Discoveryʻning studiyalari va striming xizmatlari uchun 82,7 milliard dollar taklif qilgan boʻlsa-da, yakunda vaziyat kutilmagan tus oldi.
Milliardlar jangi va Paramount gʻalabasi
Fevral oyi oxirida Devid Ellison boshqaruvidagi Paramount kompaniyasi kutilmagan hamla qilib, barcha aktivlar uchun 111 milliard dollar taklif etdi. Bu taklif Netflixʻning variantidan ancha jozibadorroq boʻlib chiqdi, chunki u nafaqat studiyalarni, balki HBO kanali, CNN va HGTV kabi telemoʻjizalar, shuningdek, videooʻyinlar boʻlimini ham oʻz ichiga oladi. Taʼkidlash joizki, Paramountʻning oʻzi ham yaqinda Ellison tomonidan Oracle asoschisi va dunyoning eng boy insonlaridan biri Larri Ellison koʻmagida sotib olingan edi.Ushbu kelshuv iyun oyida AQSH Adliya vazirligi (DOJ) tomonidan maʼqullangan edi. Biroq, iyul oyi oʻrtalarida kutilmagan toʻsiq paydo boʻldi. 12 ta shtat bosh prokurorlari koʻngilochar bozorda monopoliyaga yoʻl qoʻymaslik maqsadida sudga daʼvo kiritishdi. Hozirda federal sudya ushbu bitimni vaqtincha toʻxtatib qoʻygan boʻlib, jarayonning qonuniyligi qayta koʻrib chiqilmoqda.
Kelajakdagi oʻzgarishlar va oqibatlar
Agar ushbu bitim yakuniga yetsa, Paramount va Warner Bros. Discovery birlashmasi jahon bozorida mislsiz quvvatga ega boʻladi. Bu Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlar uchun ham ahamiyatli, chunki HBO Max (hozirgi Max) va Paramount+ xizmatlarining birlashishi kontent sifati va uning butun dunyo boʻylab tarqalishiga bevosita taʼsir qiladi. Tomoshabinlar bitta platforma orqali ham "Taxtlar oʻyini" (Game of Thrones), ham "Missiya bajarilmas" (Mission: Impossible) kabi blokbasterlarni koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishlari mumkin.Hozircha investorlar va tahlilchilar sud jarayoni natijasini kutishmoqda. Netflix oʻz navbatida investorlarni ishontirish uchun har bir aksiya uchun 27,75 dollar naqd pul taklif qilish orqali kurashni davom ettirmoqchi boʻlgan edi, biroq Paramountʻning umumiy paketi ancha salmoqli koʻrinmoqda. Gollivudning eng yirik studiyalari birlashishi raqobatni boʻgʻishi yoki aksincha, yangi texnologik inqilobga turtki berishi borasidagi bahslar hali uzoq davom etishi aniq.






























Izohlar 0
…