Itning kutilmagan sakrashi ayolning 17 sm qoshiq yutishiga majbur qildi

Itning kutilmagan sakrashi ayolning 17 sm qoshiq yutishiga majbur qildi

Belgiyalik 28 yoshli Reymi Amelinks oddiy yogurt yeyish paytida kutilmagan hodisaga duch keldi. U telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berish uchun qoshiqni og‘zida ushlab turganida, iti to‘satdan uning ustiga sakrab tushgan.

Ayol shoshib boshini orqaga tashlagan va 17 santimetrlik qoshiq tomog‘idan o‘tib, oshqozoniga tushgan. Reymining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda u qoshiqqa bo‘g‘ilib qolishidan ham, uni yutib yuborishidan ham qo‘rqqan.

Dastlab u jiddiy og‘riq his qilmagani uchun shifoxonaga darhol bormagan. Biroq kechga borib, bunday katta buyum oshqozonida qolishi xavfli ekanini anglab, tibbiy yordam so‘ragan.

Tekshiruvdan so‘ng shifokorlar qoshiq o‘z-o‘zidan chiqib ketmasligini ma’lum qilgan. Ikki kun o‘tib, u maxsus endoskopik usul bilan olib tashlangan.

Jarayonda oz miqdorda qon ketishi qayd etilgan, lekin jarrohlar qorinni ochishga majbur bo‘lmagan. Ayol muolajadan bir necha soat o‘tib uyiga jo‘natilgan va unda doimiy shikastlanish aniqlanmagan.

Shifokorlar esa begona buyum yutib yuborilganda uyalish yoki kutgan holda vaqtni boy bermasdan, tezroq tibbiy muassasaga murojaat qilish zarurligini aytgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar