Tabiat mo‘jizasi: Dunyoda boshida shoxi bor yagona qush qayerda yashaydi?

Tabiat mo‘jizasi: Dunyoda boshida shoxi bor yagona qush qayerda yashaydi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Janubiy Amerikaning tropik botqoqlarida yashovchi shoxdor baqiroq (Anhima cornuta) — boshida 15 santimetrlik tog‘aydan iborat o‘simtasi bo‘lgan dunyodagi yagona qush turidir.
  • Bu «shox» bezak vazifasini bajaradi, chunki u bosh suyagiga bo‘sh birikkan va osongina sinib tushishi mumkin.
  • Himoya va hudud uchun kurashda qush qanotlaridagi 2-5 santimetrlik o‘tkir suyak nashtarlaridan foydalanadi, bu janglar ko‘pincha jiddiy jarohatlarga olib keladi.

Janubiy Amerikaning zich tropik botqoqliklarida qushlar olamining haqiqiy «yakkashoxi» yashaydi. Boshidagi antiqa shoxi tufayli afsonaviy jonzotlarni eslatuvchi ushbu noyob mavjudot ilm-fanda shoxdor baqiroq (Anhima cornuta) deb ataladi. Bu yer yuzidagi boshida bunday o‘simtasi bo‘lgan yagona qush turi hisoblanadi.

Qora patlar, tovuqnikiga o‘xshash tumshuq va peshonasidan tikka bo‘lib chiqib turgan sarg‘ish-oq shox ushbu qushga o‘zgacha va haybatli ko‘rinish bag‘ishlaydi.

Boshdagi 15 santimetrlik shox: Qurolmi yoki bezak?

Shoxdor baqiroqning eng ajralib turuvchi belgisi — peshonasidagi uzunligi taxminan 15 santimetr (6 dyuym) keladigan o‘simtadir:

  • Shoxning tuzilishi: Anatomik jihatdan u haqiqiy shox emas (haqiqiy shoxlar suyak va keratindan iborat bo‘ladi), balki egiluvchan tog‘aydan tashkil topgan;

  • Jangda nega ishlatilmaydi: Ushbu «shox» bosh suyagiga juda bo‘sh birikkan va osongina sinib tushishi mumkin. Keyinchalik u qayta o‘sib chiqsa-da, qush undan qurol sifatida emas, balki faqat dekorativ (chiroy) maqsadida foydalanadi.

Tabiat mo‘jizasi: Dunyoda boshida shoxi bor yagona qush qayerda yashaydi?

Qanotlardagi haqiqiy qurol va qonli janglar

Himoya va hudud uchun kurashda shoxdor baqiroq butunlay boshqa «qurol arsenali»ni ishga soladi:

  • Qanotdagi o‘tkir xanjarlar: Qushning qanotlarida uzunligi 2 dan 5 santimetrgacha bo‘lgan o‘ta o‘tkir suyak nashtarlari (shporalar) mavjud;

  • Ayovsiz to‘qnashuvlar: Erkak qushlar o‘z hududini begonalardan himoya qilishda bir-biriga aynan shu nayzalar bilan hujum qiladi. Ko‘pincha bu janglar shu qadar keskin kechadiki, mag‘lub bo‘lgan raqibning ko‘kragiga singan nashtarlar qadalib qolgan holatlar kuzatiladi.

Tabiat mo‘jizasi: Dunyoda boshida shoxi bor yagona qush qayerda yashaydi?

Gurillash, ogohlantirish signali va uchganda chiqadigan qarsillagan ovoz

Ushbu jonzotning «baqiroq» nomini olishi ham bejiz emas:

  • «Mo-ku-ka» signali: U karnay ovozidek jarangdor va g‘oznikiga o‘xshash baland tovushlar chiqaradi. Uning eng mashhur «mo-ku-ka» hayqirig‘i boshqa qushlarni yaqinlashayotgan yirtqichdan ogohlantirish vazifasini bajaradi;

  • Tanadagi havo xaltachalari: Qushning terisi va suyaklari ichida ko‘plab mayda havo pufakchalari mavjud bo‘lib, bu uning vaznini yengillashtiradi. Ba’zan u parvozga ko‘tarilayotganda barcha havo xaltachalari bir vaqtda siqilib, atrofga dahshatli qarsillagan tovush (shovqin) taratadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar