Huawei yangi aqlli eshik qo‘ng‘irog‘ini taqdim etdi

Xitoyning texnologiya giganti Huawei kompaniyasi o‘zining rasmiy JD.com do‘konida yangi HarmonyOS Smart Selection Haique Smart Doorbell 5 aqlli eshik qo‘ng‘irog‘i savdosini boshladi. Ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur qurilma ikki kamerali tizim, ilg‘or xavfsizlik funksiyalari hamda yarim yilgacha quvvat saqlay oluvchi sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangani uchun isteʼmolchilar eʼtiborini tortmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirda Xitoy bozorida mazkur gadjet taxminan 700 yuan narxda sotilmoqda. Uy xavfsizligini taʼminlashga mo‘ljallangan yangi avlod qo‘ng‘irog‘i oddiy eshik qo‘ng‘irog‘i tushunchasini kengaytirib, to‘laqonli kuzatuv tizimi vazifasini bajaradi.
Ikki kamerali tizim va keng qamrovli kuzatuv
Qurilmaning asosiy o‘ziga xos jihati — unda ikkita kameraning mavjudligidir. Asosiy kamera 4 megapikselli keng burchakli obyektiv bilan jihozlangan bo‘lib, u 140 graduslik ko‘rish burchagi orqali tashrif buyuruvchini to‘liq kuzatib boradi. Shuningdek, pastki qismda joylashgan qo‘shimcha kamera to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshik oldidagi yer maydoniga qaratilgan bo‘lib, bu xonadon egasiga qoldirilgan posilka va buyumlarni nazorat qilish imkonini beradi.Tungi vaqtda tasvir aniq chiqishini taʼminlash uchun sakkizta infraqizil yorug‘lik diodi o‘rnatilgan. Ushbu tizim yorug‘lik yetarli bo‘lmagan sharoitda ham sezilarli qizil nurlarsiz sifatli rangli tasvirni taqdim etadi.
Sunʼiy intellekt va xavfsizlik imkoniyatlari
Aqlli eshik qo‘ng‘irog‘i ilg‘or funksiyalarga ega bo‘lib, u 5 metrgacha bo‘lgan masofada odamlarni aniqlay oladi. Shuningdek, qurilma yuzlarni, posilkalarni tanish hamda shaxsning eshik oldida uzoq vaqt qolib ketganini aniqlash qobiliyatiga ega.Foydalanuvchilar o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib maxsus kuzatuv zonalarini belgilashlari yoki qo‘shni xonadon eshigi oldi kabi keraksiz uchastkalarni istisno qilishlari mumkin. Bu esa yolg‘on xabarnomalarning oldini oladi va shaxsiy maxfiylikni kafolatlaydi.
Avtonomlik va maʼlumotlarni saqlash
Qurilmaning yana bir afzalligi uning avtonomligidir. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, eshik qo‘ng‘irog‘iga o‘rnatilgan 10 000 mA•ch sig‘imli akkumulyator uzluksiz ravishda naq yarim yil davomida quvvatni ushlab tura oladi. Bu foydalanuvchilarga tez-tez quvvatlash tashvishidan xalos etadi.Favqulodda vaziyatlarda, jumladan internet aloqasi uzilib qolganda ham qurilma o‘z vazifasini bajarishda davom etadi. U videoyozuvlarni mahalliy xotirada saqlab qoladi va tarmoq tiklangach, yozuvlarni avtomatik ravishda bulutli saqlash tizimiga yuklaydi.






























Izohlar 0
…