724 ming dollarlik ko‘prik ochilish marosimi paytida qulashiga bir bahya qoldi

Indoneziyada yangi qurilgan osma ko‘prikning ochilish marosimi kutilmagan voqea bilan yakunlanishiga sal qoldi.
Hodisa Pangandaron okrugidagi Margachinta qishlog‘ida yuz berdi. Qurilishiga taxminan 724 ming dollar sarflangan “Pongpet” osma ko‘prigi rasman ochilayotgan vaqtda xavfli holat kuzatildi.
Marosimda mahalliy hokimiyat vakillari, harbiylar hamda boshqa mehmonlar ishtirok etgan. Bir paytning o‘zida o‘nlab odamlar uzunligi qariyb 60 metr bo‘lgan ko‘prik ustiga chiqdi.
Shu vaqtda ko‘prikning tayanch trosi mahkamlangan joyidan chiqib ketib, inshoot bir tomonga keskin og‘di. Kutilmagan holat ko‘prik ustidagilar orasida sarosimaga sabab bo‘ldi.
Odamlar darhol ko‘prikdan tushishga harakat qildi. Shoshilinch paytida bir necha kishi yiqilib, yengil tan jarohati olgan.
Ma’lum qilinishicha, ko‘prikning asosiy tayanch konstruksiyasi shikastlanmagani sababli inshoot butunlay qulagan emas.
Qimmatga qurilgan ko‘prikning hali to‘liq foydalanishga topshirilmasidanoq shunday holatga kelib qolgani esa ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uyg‘otdi.






























Izohlar 0
…