Grenlandiyada 173 milliard tonna muz bir yilda eridi

Grenlandiyada 173 milliard tonna muz bir yilda eridi

Grenlandiya muzliklari so‘nggi 30 yildan beri muttasil qisqarishda davom etmoqda. So‘nggi mavsumda esa muz qatlamining yo‘qolishi yanada katta ko‘lamga yetdi.

Daniya va Grenlandiya milliy geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026 yillar mavsumida Grenlandiyada qariyb 173 milliard tonna muz erib ketgan.

Taqqoslash uchun, o‘tgan mavsumda bu ko‘rsatkich 130 milliard tonnani tashkil etgan. Biroq bu tarixdagi eng yuqori natija emas — 2012 yilda Grenlandiya muz qatlami bir mavsumda 458 milliard tonnaga qisqargan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muzliklar massasi so‘nggi bor 1995–1996 yillar mavsumida ko‘paygan. Shundan beri esa Grenlandiya muz qatlami deyarli 30 yil davomida izchil kamayib bormoqda.

Ekspert Signe Xillerup Larsen bu holat global isishning jiddiy oqibatlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, haroratning ko‘tarilishi muzlarning erish jarayonini tezlashtirmoqda.

Mutaxassislar bu o‘zgarishlar nafaqat Grenlandiya, balki butun dunyo uchun oqibatlarga ega bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Chunki ulkan muzliklarning erishi jahon okeani sathining ko‘tarilishiga, shuningdek, okeandagi tabiiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar